Kongo DRda Ebola virusiga qarshi davolash sinovlari boshlandi

Olam

image

Kongo Demokratik Respublikasida (KDR) Bundibugyo shtammi keltirib chiqargan Ebola virusiga qarshi davolash usulini sinovdan o‘tkazish boshlandi. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) Bosh direktori doktor Tedros Adxanom Gebreyesus ma’lum qildi.

JSST rahbari buni epidemiyaga qarshi kurashda muhim bosqich deb atagan. Shu bilan birga, u Ituri viloyatidagi Ebola davolash markaziga qilingan hujum oqibatida ikki kishi halok bo‘lganini eslatib, kasallikka qarshi kurash hamon ishonchsizlik va zo‘ravonlik kabi jiddiy muammolar bilan kechayotganini ta’kidlagan.

Qayd etilishicha, hozirgi vaqtgacha Bundibugyo shtammiga qarshi tasdiqlangan vaksina yoki davolash usuli mavjud emas. Ushbu shtamm Kongo Demokratik Respublikasida 1 400 dan ortiq kasallanish holatiga sabab bo‘lib, ulardan 438 nafari vafot etgan. Tedrosning aytishicha, so‘nggi ikki hafta davomida mamlakatda har kuni o‘rtacha 38 ta yangi tasdiqlangan kasallanish holati qayd etilmoqda. 

Mingdan ortiq bemor ishtirok etadigan klinik sinovlar bir necha oy davom etishi mumkin. Unda Mapp Biopharmaceutical kompaniyasi ishlab chiqqan tajribaviy MBP134 antitana preparati alohida hamda Gilead Sciences kompaniyasining virusga qarshi remdesivir preparati bilan birgalikda qo‘llanilib, samaradorligi baholanadi.

JSST ma’lumotiga ko‘ra, sinovlar uchun dori vositalari yetarli miqdorda mavjud. Tashkilot AQSH hukumati va Gilead Sciences bilan muzokaralar olib bormoqda. Agar preparatlar xavfsiz va samarali deb topilsa, bemorlarni ular bilan ta’minlash davom ettiriladi.

Gilead Sciences kompaniyasi sinovlar uchun qo‘shimcha 2 ming flakon remdesivirni bepul taqdim etganini bildirdi. Iyun oyida ham kompaniya favqulodda foydalanish uchun shuncha miqdorda preparat ajratgan edi.

JSST ma’lum qilishicha, epidemiyaga qarshi boshqa yo‘nalishlarda ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda. Hozir mamlakatda Ebola virusini aniqlaydigan 10 ta laboratoriya faoliyat ko‘rsatmoqda. Shuningdek, kasallar bilan muloqotda bo‘lgan har besh kishidan to‘rt nafari tibbiy kuzatuvga olingan. Biroq har bir holat bo‘yicha yanada ko‘proq aloqador shaxslarni aniqlash zarurligi qayd etilgan.

Davolash quvvati ham kengaytirilgan bo‘lib, ayni paytda mamlakatda 650 ta maxsus o‘rin mavjud. Ularning qariyb 96 foizi band. JSST va hamkor tashkilotlar qo‘shimcha 300 ta o‘rin tayyorlash ustida ish olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya hududida ham Ebola bezgagi bilan kasallanishning ilk holati aniqlangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing