Nyu-Yorkda vaksinasi bo‘lmagan xavfli virus aniqlandi

Olam

image

Nyu-Yorkda ilk bor vaksinasi yoki maxsus davolash usuli mavjud bo‘lmagan Burbon virusi aniqlandi. Bu haqda Stouni-Bruk tibbiyot markazi tadqiqotiga tayanib, “Fox News” xabar berdi.

“Keyingi yillarda yulduzchali kana orqali yuqadigan Burbon virusining tarqalishi ortsa, tez orada tashxis qo‘yish murakkablashishi mumkin”, deyiladi markaz bayonotida.

Yulduzchali kana (yoki “yolg‘iz yulduz”) – bu Shimoliy Amerika kanasi bo‘lib, urg‘ochisining orqasidagi yulduzcha shaklidagi o‘ziga xos oq dog‘ sababli shunday nom olgan.

Burbon virusi bilan kasallangan birinchi bemor 2014 yilda Kanzas shtatining Burbon okrugida qayd etilgan. Keyinchalik ushbu bemor vafot etgan. Bundan tashqari, ilk bor aniqlanganidan beri virus kamida yana ikkita o‘lim holati bilan bog‘langan. Biroq tadqiqotchilarning fikricha, boshqa yuqtirish holatlariga tashxis qo‘yilmay qolgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas.

Burbon virusining belgilariga isitma, charchoq, toshma, bosh og‘rig‘i, tanadagi og‘riqlar va ko‘ngil aynishi kiradi. Bugungi kunda virus aniq tashxislanmagani sababli, shifokorlar uchun uni aniqlash qiyin kechmoqda.

“Nyu-Yorkda va AQSHning shimoli-sharqida yulduzchali kanalar juda ko‘p, ularning populyatsiyasi juda zich va odam Burbon virusini yuqtirganda, belgilar boshqa kana infeksiyalarining belgilariga o‘xshash bo‘ladi”, deydi tibbiyot fanlari doktori, Stouni-Bruk tibbiyot markazi professori va kana kasalliklari klinikasi direktori Luis Markos.

Uning so‘zlariga ko‘ra, infeksiya sababi aniqlanmasdan turib aniq tashxislash markazlari yoki samarali davolash usullarini ishlab chiqish imkoniyatlari juda kam. Shuning uchun epidemiologik nazoratni kengaytirish va test usullarini takomillashtirish zarur.

Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotlariga ko‘ra, yulduzchali kana AQSHning shimoli-sharqiy, janubiy va o‘rta-g‘arbiy hududlarida keng tarqalgan. Tashkilot bunday kanalar “agressiv kanalar” sirasiga kirishini qayd etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kongo Demokratik Respublikasida Ebola virusidan kasallanish holatlari 3 200 taga yetgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, epidemiya boshlanganidan buyon virus oqibatida 1 405 kishi hayotdan ko‘z yumgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing