Oq uy Trampning odami yana Putin huzuriga borishini tasdiqladi
Olam
−
23 aprel 2025 3620 2 daqiqa
AQSH Prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff shu hafta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiyaga boradi. Bu haqda kecha, 22 aprel kuni Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt ma’lum qildi.
Livittning qayd etishicha, Uitkoff va AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina bo‘yicha muzokaralar to‘g‘ri yo‘nalishda ketayotganiga ishonadi.
Avvalroq “Wall Street Journal” nashri Uitkoff 23 aprel kuni Londonda AQSH, Ukraina va Yevropa rasmiylari uchrashuvidan keyin Moskvaga tashrif buyurishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Londondagi uchrashuvning asosiy mavzusi Ukrainada so‘zsiz o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lishini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Stiv Uitkoff joriy yilning fevral oyidan beri Vladimir Putin bilan kamida uch marta uchrashgan.
Eslatib o‘tamiz, 20 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina o‘rtasida “shu haftada” kelishuvga erishishga umid qilishini aytgandi. Shu kuni Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy Rossiyaga fuqarolik infratuzilmasiga hujumlarni 30 kunga “uzaytirish imkoniyati bilan” to‘xtatishni taklif qilgan edi. Bunga javoban Rossiya Prezidenti Vladimir Putin ushbu tashabbusni to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar formatiga imkon beradigan “saralash” kerakligini aytdi. Zelenskiy esa Ukraina otashkesimdan so‘ng Rossiya bilan “har qanday formatda” muzokara stoliga o‘tirishga tayyor ekanini bildirdi.
Live
Barchasi