Oila a’zolarim bilan telefonda gaplashsangiz ham, javobgarlikka tortilasiz – Tashiyev
Olam
−
27 Sentabr
42526Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev idora xodimlari va boshqa davlat xizmatchilarini farzandlari hamda qarindoshlarining topshiriqlarini bajarmaslikka chaqirdi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Tashiyev Qizil-Qiya shahridagi Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining yangi binosi ochilishida so‘zga chiqib, davlat xizmatchilaridan birortasi uning yaqinlari bilan aloqaga chiqsa, ularga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishidan ogohlantirdi.
“Oila a’zolarim va farzandlarim bilan telefonda gaplashsangiz ham, javobgarlikka tortilasiz. Siz ularning talablari yoki ko‘rsatmalarini bajarishga majbur emassiz. Men o‘z shaxsiy ishimni lavozimim yordamida hal qilmayman va hech qachon yaqinlarimning muammolarini hal qilish bo‘yicha topshiriq bermaganman va bermayman ham”, degan Qamchibek Tashiyev.
U Qirg‘izistonda avvalgi hokimiyat davrida oilaviy-klan (urug‘chilik) boshqaruvi mavjudligini eslatib o‘tdi.
“Mamlakatning mahalliy rahbariyati davlat ishiga aralashdi va kelajakda bunday bo‘lmasligi kerak”, degan u.
Tashiyevning qo‘shimcha qilishicha, uning alohida yirik miqdordagi firibgarlikda gumonlanib hibsga olingan qaynog‘asi uch oydan beri tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
“U yuqori lavozimda ishlagan, politsiya polkovnigi edi. Ammo u mening nomim bilan ortimga yashirinib, noqonuniy ishlarga qo‘l urgan va hozir qamoqda. U jabrlanuvchilarga pul to‘laydi, qonun doirasida o‘z jazosini oladi va shundan keyingina ozodlikka chiqadi”, degan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qamchibek Tashiyev Qirg‘iziston Jogorku Keneshini Rayim Matraimov bilan aloqador bo‘lgan shaxslardan “tozalash” yakunlanganini ma’lum qilgandi. Uning aytishicha, Matraimovning “bo‘ynida” 200 million dollar qarz bor, uni sobiq bojxonachi mamlakat byudjetiga to‘lashi kerak. Rayimbek Matraimov 2015 yildan 2017 yilgacha bojxona xizmatida ishlagan. 2020 yilda jinoyatga aralashib, 2021 yil 11 fevralda korrupsiyada ayblangan va sudlangan. Amaldor tergov bilan kelishuv tuzib, davlatga 24 million dollar to‘lagani tufayli u qamoqdan qutulishga muvaffaq bo‘ldi.
LiveBarchasi
AQSH dollarining rasmiy kursi pasaydi.
27 dekabr