Odamlarni Rossiya armiyasiga yollash bilan shug‘ullangan “Russkiy dom” xodimi hibsga olindi
Olam
−
23 aprel 5575 2 daqiqa
Qirg‘izistonda joylashgan “Russkiy dom” xodimi va yana boshqa uch kishi Rossiya va Ukraina urushida odamlarni Rossiya tomonida xizmat qilishga yollashda ayblanib, hibsga olindi. Bu haqda “24.kg” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hukumat O‘sh shahrida “yollash” ishi bo‘yicha to‘rt kishini hibsga olgan. Ulardan biri – O‘sh shahar hokimiyati axborot ta’minoti bo‘limining bosh mutaxassisi Sergey Lapushkin. Yana biri – jurnalist, O‘shdagi “Russkiy dom” xodimi Natalya Sekerina ekani aniqlangan. Qolgan ikki kishining esa to‘liq ism-shariflari oshkor qilinmagan.
Ular Qirg‘iziston Jinoyat kodeksining 416-moddasi (xorij armiyasiga noqonuniy yollanish) bo‘yicha gumon qilingan va qo‘lga olingan. Ushbu moddaning birinchi qismiga ko‘ra, boshqa mamlakatdagi harbiy ishlarga yollash yoki targ‘ibot qilish jinoyat deb baholanadi.
Sud ularni tegishli ehtiyot chorasi sifatida 19 aprel kunidan 17 iyunga qadar hibsga olish qarorini chiqargan. Maxsus xizmat hozircha jinoyat ishi va hibsga olinganlar haqida qo‘shimcha ma’lumot bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyada O‘zbekiston fuqarosiga politsiya tomonidan kuch ishlatilib, Ukrainadagi urushga yuborishga majburlangani aytilgandi. Yusuf ismli shaxs Moskvada ishlagan va migrantlarga qarshi reyddan so‘ng huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan. Migrantning so‘zlariga ko‘ra, politsiya bo‘limida unga nisbatan kuch ishlatilib, Mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolashga majbur qilingan.
Live
Barchasi