83 yoshli onaxon koronavirusni yengib o‘tdi. Sog‘ayganlar 200 ga yaqinlashdi
Jamiyat
−
18 aprel 2020
6720Bugun, 18 aprel kuni Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 6 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi. Bu haqda SSV Matbuot xizmati xabar berdi.
Sog‘ayganlardan biri chiroqchilik 83 yoshli onaxon bo‘lib, uning ahvoli og‘ir bo‘lishiga qaramay bilimli va yuqori malakali shifokorlarning sa’y-harakati hamda xalqaro standartlar asosida olib borilgan samarali davolash muolajalari tufayli butkul sog‘aydi.
Shuningdek, tuzalgan yana to‘rt nafar Toshkent shahridan bo‘lib, (50, 31 va 30 yoshli erkak hamda 57 yoshli ayol) ulardan bir nafari Rossiyadan charter reys bilan poytaxtimizga kelgan, qolgan uch nafari esa koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lib, infeksiya yuqtirib olgan. Yana bir nafar farg‘onalik, 35 yoshli bemor ham xorijdan kelgan.
So‘nggi tekshiruv natijalari ushbu bemorlarda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Mazkur klinikada shu paytga qadar 11 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 17 nafarga yetdi.
Ayni paytda klinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro stantdartlar asosida muolajalar olib borilmoqda. Bunda malakali pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olinayotgani ham qo‘l kelmoqda.
Bundan tashqari, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasidan yana 3 nafar bemor (erkak) sog‘ayganligi haqidagi xushxabar kelgan.
Shunday qilib, ayni paytga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butunlay sog‘aygan bemorlar bugun, avvalgi kunlarga nisbatan eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgan holda, 38 nafarga yetib, jami 194 nafarni tashkil etmoqda.
Avvalroq, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qoraqalpog‘iston va Toshkentda koronavirusdan davolanayotgan jami 29 kishi butkul sog‘aygani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirus yuqtirgan bemorlar soni 1450 nafarga yetdi. Bugungacha ularning 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi