Norvegiya yana Rossiya uchun “nodo‘st” davlatga aylandi
Olam
−
04 avgust 2023
3840Rossiya Federatsiyasi hukumati Norvegiyani Rossiyaning “xorijdagi diplomatik va konsullik vakolatxonalariga nisbatan nodo‘stona xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yuvchi xorijiy davlatlar” ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqdagi tegishli buyruq Hukumat veb-saytida e’lon qilingan.
Prezident Vladimir Putinning 2021 yil 23 apreldagi 243-sonli “Xorijiy davlatlarning nodo‘stona harakatlariga ta’sir ko‘rsatish (qarshi turish) choralarini qo‘llash to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsad qilingan.
Hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatda mamlakatlar nomidan tashqari, Rossiya hududida do‘stona munosabatda bo‘lmagan davlatlarning diplomatik vakolatxonalari, ularning konsullik muassasalari, davlat organlari va davlat muassasalarida bo‘lishi mumkin bo‘lgan jismoniy shaxslar soni ko‘rsatilgan. Yangi buyruqqa ko‘ra, Norvegiya uchun 27 kishilik chegara belgilangan. Shunday qilib, Norvegiya Rossiya missiyalariga qarshi “nodo‘stona harakatlar qilayotgan” davlatlar ro‘yxatiga kiritilgan sakkizinchi davlat bo‘ldi.
Avvalroq, 2021 yilning may oyida AQSH va Chexiya, 2022 yil iyulida esa Gretsiya, Daniya, Sloveniya, Xorvatiya va Slovakiya diplomatik vakolatxonalariga cheklovlar kiritilgan edi.
“Hukumat tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat yakuniy emas va xorijiy davlatlarning Rossiyaning xorijdagi vakolatxonalariga qarshi davom etayotgan dushmanlik harakatlari hisobga olinsa, u kengayishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning aprel oyida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin “Xorijiy davlatlarning nodo‘stona harakatlari munosabati bilan javob viza choralari to‘g‘risida”gi farmonni imzolagan edi. Unga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi Yevropa Ittifoqi, Norvegiya, Daniya, Islandiya, Shveysariya va Lixtenshteyn bilan vizani soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarning bir qator bandlarini to‘xtatgan.
LiveBarchasi