Norvegiya 70 yillik siyosatni bekor qilib, Ukrainaga qurol jo‘natadi 

Olam

image

Norvegiya hukumati Rossiya agressiyasidan himoyalanishi uchun Ukrainaga qurol jo‘natadi. Gap 2 ming dona M72 tankga qarshi snaryadi haqida ketmoqda. Bu haqda Norvegiya hukumatining bayonotida aytiladi.  

Bu qaror Norvegiyaning 1950-yillardan beri amalda bo‘lgan, urush holatida yoki qurolli to‘qnashuv xavfi ostidagi NATOga a’zo bo‘lmagan mamlakatlarga qurol yetkazib bermaslik siyosatini bekor qiladi. 

“Norvegiya harbiy texnika eksporti bo‘yicha qat’iy siyosat yuritadi, biroq Ukraina hozir favqulodda vaziyatlarga duch kelmoqda”, degan Bosh vazir Yonas Gar Stere. 

Shuningdek, Kanada Ukrainani tankga qarshi qurollar va yangilangan o‘q-dorilar bilan ta’minlaydi va Rossiya xom neftining importini taqiqlaydi. Bu haqda Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo ma’lum qilgan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Kanada Ukrainaning rus qo‘shinlaridan qahramonona mudofaasini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. 

“Biz Rossiyadan xom neft importini to‘liq taqiqlash niyatimiz borligini e’lon qilamiz – bu sanoat Prezident Putin va uning oligarxlariga katta foyda keltirgan”, degan Tryudo. 

O‘z navbatida, mamlakat Mudofaa vaziri Anita Anand Kanada yaqin orada Ukrainaga 100 ta Carl Gustaf tankga qarshi kompleksi va 2 mingta raketa jo‘natishini aytgan.

Kanada allaqachon Ukrainaga qurol-yarog‘lar yuborgan va bir qator sanksiyalarni, jumladan, Rossiyani SWIFT xalqaro bank to‘lov tizimidan chiqarib tashlashni qo‘llab-quvvatlagan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.

Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.

Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

17

Reyting

3.4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing