Norov Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar vaqtidagi pozitsiyasi uchun Rossiyaga minnatdorlik bildirdi

Olam

image

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Moskvaga tashrifi chog‘ida Rossiya Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda rasmiy Toshkentni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

“Qoraqalpog‘istondagi vaziyatni normallashtirish bo‘yicha O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirmoqchiman. Bu haqda (RF) Tashqi ishlar vazirligi tegishli bayonot berdi. Mamlakatlarimiz rahbarlari telefon orqali muloqot chog‘ida ushbu masalani muhokama qildilar”, degan Norov Moskvadagi davra suhbati chog‘ida.

Uning ta’kidlashicha, tartibsizliklar konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar muhokamasi chog‘ida boshlangan, vaholanki, muhokamalar barcha bahsli masalalarni diqqat bilan muhokama qilish uchun zarur bo‘lgan.

“Afsuski, bu jarayon (munozaralar) Qoraqalpog‘istonda referendum to‘g‘risidagi qonunda belgilangan tartib buzilishi bilan kechdi. Chunki bularning barchasi zo‘ravonlik bilan emas, balki fuqarolarning barcha fikrlarini, barcha takliflarini muhokama qilish orqali amalga oshirilishi kerak edi – hammasi inobatga olindi”, degan Norov.

Norov umumiy muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi takliflarga norozilik bahonasida O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligi va birligiga raxna solishga harakat qilinganini qo‘shimcha qilgan. Vazir bu jarayon tashqi aralashuvsiz bo‘lmaganini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya Vladimir Norov

Baholaganlar

77

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing