Nodira Qodirova ishi parlamentgacha bordi. Muxolif deputat vazirga so‘rov yubordi
Olam
−
01 Oktabr 2019
13067Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi deputati, nafaqadagi general Shirin Unalning uyida oqsoch bo‘lib ishlayotgan 23 yashar o‘zbekistonlik Nodira Qodirova generalning to‘pponchasi bilan o‘zini otib, joniga qasd qilgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekistonlik Nodira Qodirovaning turk deputati uyida o‘z joniga qasd qilishi holati Turkiya parlamenti – Buyuk Millat Majlisi kun tartibiga kiritildi.
TBMM deputati Sera Kadigil o‘zbekistonlik qizning o‘z joniga qasd qilishi masalasini ko‘tarib chiqdi. U Adliya vaziri Abdulhamid Gulga deputatlik so‘rovi yuborgan. Bu haqda “Bianet” xabar bermoqda.
Ta’kidlash joiz, Sera Kadigil – parlamentdagi asosiy muxolifatchi hisoblanmish Respublika xalq partiyasi a’zosi sanaladi. 23 yoshli qizning shubhali tarzda o‘z joniga qasd qilishi esa Turkiyada yetakchi partiya – Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili Shirin Unalning uyida ro‘y bergan edi.
Muxolif deputat Adliya vazirligiga murojaatida Qodirova ishi yuzasidan jamoatchilikda asosli gumonlar tug‘ilayotgani, odamlar bu hodisa hukmron partiya deputatining uyida ro‘y bergani uchun ham yopdi-yopdi qilinyapti, degan fikrga borishayotganini qayd etgan.
“Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va OAVdagi materiallar orasida voqea suitsid emas, balki qotillik bo‘lishi mumkin, degan shubha tez-tez tilga olinmoqda.
Hodisaning har bir detali atroflicha tergov qilinishi va jamoatchilik voqealar rivojidan senzuradan xoli tarzda xabardor qilib borilishi lozim. Bu – jamoatchilik fikrini yumshatish, ayblanayotgan odamlarning g‘urur va sha’nini himoya qilish uchun ham muhim ahamiyatga ega”, – deydi Kadigil.
Deputat Sera Kadigil o‘z so‘rovida Adliya vaziridan 6 ta savolga javob so‘ragan:
1. OAVdagi ma’lumotga ko‘ra, o‘q Qodirovaning yuragining biroz teparog‘idan teshib o‘tgan. Agar bu suitsid bo‘lgan bo‘lsa, u holda sud-tibbiy ekspertizasi o‘q tanani qanday burchak ostida teshib kirgani, masofa, marhumning tanasi va qo‘lida qolgan porox izlarini o‘rganib chiqdimi?B
2. Adliya vazirligi Xalqaro huquq va xalqaro aloqalar bosh boshqarmasining “Chet el fuqarolarining o‘limi to‘g‘risida”gi 71-sonli Nizomida xorijiy davlatlar fuqarolari tergov ob’ekti bo‘lgan hodisa natijasida vafot etgan hollarda bu haqda ma’lumot yetkazish tartibi batafsil belgilab qo‘yilgan. Unga ko‘ra:
• jasadni yorib ko‘rish hisobotining nusxasi va o‘limni tekshirish hisobotining nusxasi;
• marhumning mamlakatida o‘lim qayd etilishi uchun o‘lim haqidagi guvohnomaning ikkita nusxasi;
• marhumning shaxsini aniqlashda foydalanilgan pasport, haydovchilik guvohnomasi va ID-karta kabi hujjatlar hamda marhumning manzili haqidagi ma’lumot;
• agar konsullik tomonidan olib ketilmagan bo‘lsa, jasadga nima bo‘lgani va agar dafn etilgan bo‘lsa, dafn etilgan joyi ko‘rsatilgan xat yuborish zarur.
Bu protseduralarning barchasi bajarilganmi?
3. Qodirovaning akasi aytgan gaplarga qaraganda, Qodirova voqeadan oldin dugonasi Laylo bilan ikki soat gaplashgan va “jinsiy tegajog‘likka uchragani”ni aytgan. Tergov bu da’volarni ham hisobga olyaptimi? Telefon suhbati audiosi so‘ralganmi, aytib o‘tilgan ikki shaxsdan ko‘rsatma olinganmi?
4. OAVdagi e’tirozli holatlarning yana biri. Qodirovaning boshqa bir dugonasi Nigor Abdurrahmonova ular politsiyaga tegajog‘lik voqeasi haqida aytishganini bayon qilgan va “Shunga qaramay, ular bizning ko‘rsatmamizni qabul qilishmadi”, degan. Abdurrahmonovaning ko‘rsatmasi inobatga olinganmi? Agar yo‘q bo‘lsa, nega inobatga olinmagan?
5. Nodira Qodirovaning yashash va ishlash uchun tegishli ruxsati bormidi? U sug‘urtalanganmidi? U o‘sha uyda ishlaganini tasdiqlovchi biron-bir rasmiy hujjat bormi?
6. Nodira Qodirovaning telefoni va kompyuteri (agar bor bo‘lsa) o‘rganib chiqildimi? Marhumning yaqinlari tomonidan bildirilayotgan e’tirozlar tergovda inobatga olinganmi?
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin mazkur ish doirasida prokuror marhum Nodira Qodirova va uning dugonasi Laylo Niyozovani fohishalikda gumon qilayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Noidra Qodirova ishi bo‘yicha surishtiruv o‘tkazayotgan prokuror o‘zbekistonlik qizning fohishalik bilan shug‘ullangani haqidagi taxminni bildirdi.
LiveBarchasi