Rossiya armiyasining aviatsiya generali otib ketildi
Olam
−
20:00 1742 2 daqiqa
Saratov viloyatining Engels shahrida noma’lum shaxs Rossiya Fazo-kosmik kuchlari (FKK) zobitiga suiqasd qildi. Bu haqda huquq-tartibot idoralaridagi manbaga tayanib, “Kommersant’” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, hodisa bugun, 3 sentyabr ertalab Engelsning “Probujdeniye” posyolkasidagi kottej yaqinida sodir bo‘lgan. “Shot”ning yozishicha, hujum qilgan shaxs mototsiklda bo‘lgan va yuzini shlem bilan yashirgan. General harbiy do‘kondan chiqayotganda unga qarata ikki marta o‘t ochgan va voqea joyidan qochib ketgan. O‘qlardan biri erkakning yuziga, ikkinchisi esa tanasiga tekkan.
Harbiyning haydovchisi ham jarohat olgan, ammo tez yordam chaqirishga muvaffaq bo‘lgan. Zobit Saratovga yetkazilgan, u yerda shifokorlar tezkor tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng, uni keyingi davolash uchun maxsus samolyotda Moskvaga yuborishga qaror qilingan. Ukrainaning “Supernova+” monitoring kanali suiqasd Rossiya FKK uzoq masofali aviatsiyasining 22-og‘ir bombardimonchi aviatsiya diviziyasi qo‘mondoni, general-mayor Nikolay Varpaxovichga qilinganini yozmoqda.
Bungacha Ukraina Xavfsizlik xizmati (UXX) va mamlakat Bosh prokuraturasi Varpaxovichga 2024 yil 8 iyul kuni Kiyevdagi “Oxmatdet” bolalar shifoxonasiga berilgan raketa zarbasiga aloqadorlikda sirtdan gumon bildirgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u raketa zarbasi berish haqida jangovar buyruq bergan, shundan so‘ng unga bo‘ysunuvchi uzoq masofali aviatsiya bo‘linmalari Tu-95MS bombardimonchi-raketa tashuvchisidan shifoxonaga X-101 qanotli raketasini uchirgan.
“Kommersant’” ma’lumotlariga ko‘ra, suiqasddan so‘ng favqulodda hodisa sodir bo‘lgan posyolka o‘rab olingan. Voqea joyida Tergov qo‘mitasi, FXX va politsiyaning tergov-tezkor guruhlari ishlamoqda. Tergov qo‘mitasi qotillikka suiqasd qilish (Jinoyat kodeksining 30-moddasi 3-qismi, 105-moddasi 1-qismi) va qurolning noqonuniy muomalasi (Jinoyat kodeksining 222-moddasi 1-qismi) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sankt-Peterburgning Pushkin tumanidagi Slavyanka mikrorayonida podpolkovnik unvonidagi harbiy xizmatchi va uning turmush o‘rtog‘i bo‘lgan avtomobil portlab ketgandi. Erkak voqea joyida halok bo‘lgan, ayol reanimatsiyaga yotqizilgan.
Live
Barchasi