Nigeriyada qurollilar qishloqqa hujum qilib, o‘nlab insonlarni vahshiylarcha o‘ldirdi

Olam

image

Nigeriyaning Kaduna shtatida qurolli shaxslar qishloqqa hujum qilishi oqibatida kamida 30 kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida 8 nafar bola ham bor. Bu haqda mahalliy aholi vakillariga tayanib “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hujum 28 iyul kuni tongga yaqin Kaduna shtatining Kauru mahalliy boshqaruv hududida joylashgan Naridon qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Qurollangan shaxslar qishloqqa bostirib kirib, aholiga qarata betartib o‘q uzgan va uylarga o‘t qo‘ygan.

Qishloq oqsoqoli kotibi Dogon Rananing aytishicha, halok bo‘lganlar orasida 8 nafar bola bor, yana 4 kishi jarohat olgan.

Yana bir mahalliy aholi vakili Ishaya Davaning so‘zlariga ko‘ra, hujumchilar yarim tun atrofida qishloqqa kirib kelgan. Ayrim aholi vakillari so‘yib o‘ldirilgan, bir nechta jasad morgga olib ketilgan.

“Qurbonlar ayollar, bolalar va keksalardir”, – degan Dava. 

Uning ta’kidlashicha, hujumchilar uylarga o‘t qo‘ygach, voqea joyidan qochib ketgan. Xavfsizlik kuchlari esa qishloqqa hujumdan bir necha soat o‘tgach, ertalab yetib kelgan.

Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy va shimoliy-markaziy hududlarida qurolli jinoiy guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan hujumlar asosiy xavfsizlik muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Mamlakatning shimoli-sharqiy qismida esa “Boko Harom” va ISHIDning G‘arbiy Afrikadagi tarmog‘i (ISWAP) isyonchilik harakatlarini davom ettirmoqda.

Hozircha Kadunadagi hujum uchun hech qaysi guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmagan. Shtat politsiyasi matbuot kotibi Mansur Hasan voqea yuzasidan batafsil ma’lumot keyinroq taqdim etilishini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Suriyada ikki avtobus ishtirokida sodir bo‘lgan yirik yo‘l-transport hodisasi oqibatida kamida 35 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi jarohat olgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing