Ebola “quturmoqda”: Nigeriyada ham kasallanish holati qayd etildi

Olam

−

image

Nigeriya poytaxti Abujada Ebola virusi bilan kasallanish holati qayd etildi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Uganda orqali mamlakatga kelgan ayolda virus aniqlangan. Unda kasallik alomatlari joriy yilning 7 oktyabr kuni boshlangan. U to‘rt kun o‘tib Abudja shahridagi shifoxonaga yotqizilgan va keyinchalik Ebola bilan kasallangani tasdiqlangan. Bemorning Nigeriyaga qachon kelgani hozircha noma’lum.

Nigeriya sog‘liqni saqlash vaziri Muhammad Pate bemor bilan aloqada bo‘lgan 44 kishi aniqlanganini va ularda virus bor-yo‘qligi tekshirilayotganini ma’lum qilgan.

Uganda Sog‘liqni saqlash vazirligi esa bemor mamlakat hududidan faqat tranzit orqali o‘tganini bildirgan. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, u Nigeriya fuqarosi bo‘lib, Kongo Demokratik Respublikasining sharqiy hududiga xizmat safari bilan borgan. Biroq Nigeriya rasmiylari bemorning fuqaroligini oshkor qilmagan.

“Uganda orqali sayohat qilgani virus aynan shu yerda yuqqanini anglatmaydi. Infeksiya qayerda yuqqani hozircha o‘rganilmoqda”, deyiladi Uganda Sog‘liqni saqlash vazirligi bayonotida.

Shuningdek, vazirlik mamlakatda Ebola bilan kasallanishning faol holatlari tasdiqlanmaganini ta’kidlagan.

Nashrga ko‘ra, Nigeriya G‘arbiy Afrikada tarqalayotgan Ebola epidemiyasi qayd etilgan navbatdagi mamlakat bo‘ldi. Keniya ham shu oy boshida kasallikning ilk holatini tasdiqlagan, shundan buyon mamlakatda to‘qqizta zararlanish holati qayd etilgan. Uganda esa avvalroq Ebola bilan kasallanish holatlari haqida xabar bergan, keyinchalik mamlakatda epidemiya tugaganini e’lon qilgan.

Afrika kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari bosh direktori Jan Kaseya X ijtimoiy tarmog‘ida vaziyatni “nihoyatda jiddiy tahdid” deb atagan. Uning aytishicha, kasallikdan o‘lim darajasi qariyb 50 foizni tashkil etmoqda.

Uning ta’kidlashicha, Bundibugio turi bilan bog‘liq Ebola epidemiyasi tarixdagi eng keng hududga tarqalgan epidemiyaga aylangan. Kasallik Afrikaning uchta mintaqasidagi bir nechta mamlakatda qayd etilgan.

Nigeriya Kasalliklarni nazorat qilish markazi ikki hafta avval Keniyada Ebola aniqlanganidan so‘ng mamlakatdagi epidemiologik kuzatuvni kuchaytirganini bildirgan. Shuningdek, ehtimoliy epidemiya holatiga tayyorgarlik choralari kuchaytirilgan.

Eslatib o‘tamiz, Ebola epidemiyasi joriy yilning may oyida Kongo Demokratik Respublikasida boshlangan. Joriy yilning 15 may kuni virus laboratoriyada tasdiqlangan. Shundan so‘ng kasallik boshqa mamlakatlarga ham tarqalib, 9,5 mingdan ortiq odamni zararlagan va 4,6 mingdan ziyod kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing