Alkogol ichib, zaharlangan 48 kishi vafot etdi
Olam
−
09:06 3844 2 daqiqa
Nigeriyada tarkibida metanol bo‘lishi taxmin qilinayotgan mahalliy alkogolli ichimlikni iste’mol qilgan 48 kishi vafot etdi. Yana 100 ga yaqin odam shifoxonada davolanmoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa mamlakat janubidagi Ondo shtatining Odigbo va Irele hududlarida sodir bo‘lgan. Shtat sog‘liqni saqlash komissari Banji Ajakaning aytishicha, jami 182 kishi zaharlangan.
Mahalliy aholi o‘limlarga “Monkey Tail” nomli, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan o‘simlik asosidagi ichimlikka metanol aralashtirilgani sabab bo‘lgan, deb taxmin qilmoqda.
“Men ikki qultum ichdim va ertasi kuni ko‘zim ko‘rmay qolganini sezdim”, degan 32 yoshli Sola Adebayo mahalliy TVC News kanaliga shifoxonada yotgan holda.
Banji Ajakaning aytishicha, metanol organizmga tushgach, buyraklar faoliyati to‘xtashi, ko‘rish qobiliyati yo‘qolishi va miya zararlanishi mumkin.
Hodisa yuzasidan 15 kishi hibsga olingan. Bu haqda Ondo shtati politsiyasi matbuot kotibi Abayomi Jimoh ma’lum qilgan. Hibsga olinganlar orasida tarkibida metanol bo‘lishi taxmin qilinayotgan moddalarni ishlab chiqarishga aloqador shaxs ham bor.
Nashrga ko‘ra, Nigeriyada, ayniqsa qishloq hududlarida mahalliy tayyorlangan alkogolli ichimliklarni iste’mol qilish keng tarqalgan. Bunga bunday ichimliklarning arzonligi va yetarlicha nazorat qilinmasligi sabab bo‘lmoqda. Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, birinchi o‘lim holati qariyb ikki hafta avval qayd etilgan.
Ayni paytda Nigeriya Oziq-ovqat va dori vositalarini nazorat qilish milliy agentligi alkogolli ichimliklarni paketlarda va kichik plastik idishlarda sotishga mamlakat bo‘ylab taqiq joriy etilishini nazorat qilmoqda. Agentlik bunday idishlardagi ichimliklar bolalar va yoshlar uchun oson yetib borishini bildirgan.
Ma’lumot uchun, metanol – inson organizmi uchun kuchli zaharli bo‘lgan rangsiz suyuqlikdir. U organizmga tushgach, zaharli moddalarga aylanib, ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi, asab tizimi va ichki a’zolarning zararlanishiga olib kelishi mumkin. Metanol bilan zaharlanishning dastlabki belgilari bosh og‘rig‘i, bosh aylanishi, ko‘ngil aynishi, qusish va holsizlik bo‘lishi mumkin. Keyinchalik ko‘rish yomonlashishi yoki butunlay ko‘rmay qolish, hushdan ketish, koma va o‘lim holatlari kuzatiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Indoneziyada hukumat tarqatgan bepul ovqatdan qariyb 800 nafar odam zaharlangan edi.
Live
Barchasi