6000 metr balandlikda samolyot eshigini ochishga uringan yo‘lovchi vafot etdi (video)

Olam

−

image

Joriy yilning 6 oktyabr kuni Nigeriyada Nayrobi–Lagos yo‘nalishida uchayotgan samolyot yo‘lovchisi parvoz vaqtida ekipaj a’zolariga qarshilik ko‘rsatib, kabina va samolyot eshigini ochishga uringanidan so‘ng vafot etdi. Bu haqda Nigeriya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasiga tayanib, “Legit.ng” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, yo‘lovchi dastlab aviakompaniya tomonidan Madagaskarga olib borilgan. Biroq u mamlakat bojxona organlari tomonidan ortga qaytarilgan va Madagaskarga kirishiga ruxsat berilmagan. Shundan so‘ng, Kenya Airways uni o‘sha yo‘nalish bo‘yicha Nigeriyaga qaytarishga majbur bo‘lgan.

Qaytish parvozi vaqtida erkak tajovuzkor harakat qila boshlagan. U dastlab uchuvchilar kabinasiga kirishga uringan, biroq bunga erisha olmagan. Shundan so‘ng, samolyotning orqa eshigini ochishga harakat qilgan.

Boshqa yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida ekipaj a’zolari uni ushlab, qo‘llarini orqasidan bog‘lagan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda yo‘lovchining samolyot havoda bo‘lgan vaqtda eshikni ochishga urinayotgani aks etgan.

Kenya Airways’ning ma’lum qilishicha, yo‘lovchi samolyoti Lagosga qo‘nishiga taxminan 20 daqiqa qolganda hushsiz holatga kelgan. Ekipaj unga zudlik bilan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Samolyot Lagosdagi Murtala Muhammad xalqaro aeroportiga taxminan soat 21:41 da qo‘ngan. Shundan so‘ng tibbiyot xodimlari yo‘lovchini ko‘zdan kechirgan, biroq uning vafot etgani aniqlangan.

Hozircha marhumning shaxsi, fuqaroligi, yoshi va o‘lim sababi oshkor qilinmagan. Mazkur holat yuzasidan Nigeriya politsiyasi tergov olib bormoqda. Nigeriya Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi vakili Maykl Achimugum hodisa sabablarini tergov yakunlanguniga qadar xulosa qilmaslikka chaqirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, marhumning oilasi zarur deb topsa, sud-tibbiy ekspertiza o‘tkazilishini so‘rashi mumkin.

Kenya Airways marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirib, tergovda mahalliy organlar va aviatsiya nazorati idoralariga hamkorlik qilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nigeriyaning janubi-g‘arbiy qismidagi Ondo shtatida harbiy samolyot qulashi oqibatida bortdagi 25 yo‘lovchi va 7 ekipaj a’zosi, jami 32 kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing