Niger isyonchilari Fransiyani harbiy aralashuv uchun kuch to‘plaganlikda aybladi
Olam
−
11 Sentabr 2023
2933Fransiya G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyatining (ECOWAS) bir qancha mamlakatlarida o‘z kuchlarini joylashtirishda davom etmoqda. Bu haqda mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgan Niger armiyasi ma’lum qildi.
"Fransiya Nigerga qarshi ushbu tashkilot bilan hamkorlikda rejalashtirayotgan tajovuzga tayyorgarlik ko‘rish uchun ba’zi ECOWAS mamlakatlarida o‘z qo‘shinlarini joylashtirishda davom etmoqda", deydi isyonchi general-mayor Amadu Abduraman.
Uning fikricha, Parij harbiy intervensiyaga tayyorlanmoqda.
O‘z navbatida, Prezident Emmanuel Makron G20 sammiti chog‘ida Fransiya Nigerdagi isyonchilar hokimiyatini tan olmasligini va mamlakatdan faqat ag‘darilgan prezident Muhammad Bazumning iltimosiga ko‘ra o‘z qo‘shinlarini olib chiqishini aytgan.
"Fransuz qo‘shini Nigerning so‘roviga binoan mamlakat hududiga joylashtirilgan. Harbiylar joylashuvini o‘zgartirish masalasini prezident Bazum bilan kelishgan holda qabul qilamiz”, deydi Makron.
Ma’lumot uchun, Niger Fransiyaning sobiq mustamlakasi. Mamlakatda 1,5 mingga yaqin fransuz askari joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi oxirida Nigerda davlat to‘ntarishi o‘tkazilib, Prezident Muhammad Bazum hokimiyatdan ag‘darilgandi. U va uning oilasi isyonchilar tomonidan qo‘lga olindi. ECOWAS esa Abdurahmon Chiani boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilardan Bazumni ozod etish va hokimiyatni saylangan prezidentga qaytarishni talab qildi.
Aks holda Nigerga harbiy intervensiya qilishni ham istisno etmasligini bildirdi. 19 avgust kuni esa ECOWAS davlatlari Bosh shtablari rahbarlari harbiy aralashuv uchun kun belgilaganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Nigerdagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan Mali va Burkina-Faso hukumatlari Niameyga jangovar samolyotlarini yuborgan.