Nihoyat Fransiya qo‘shinlarini Nigerdan olib chiqib ketmoqchi
Olam
−
25 Sentabr 2023
2822Fransiya iyul oyi oxirida harbiy to‘ntarish sodir bo‘lgan Nigerdan 2023 yil oxirigacha o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Bu haqda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ma’lum qildi.
“Biz Nigerdagi harbiy hamkorlikni tugatmoqdamiz. U yerda joylashgan askarlar ham yil oxirigacha qaytadi”, deydi davlat rahbari.
Shuningdek, u “Barxan” operatsiyasi (fransuz qo‘shinlarining Saheldagi terrorchi guruhlarga qaratilgan operatsiyasi) muvaffaqiyatli bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.
Makron fransuz armiyasini olib chiqib ketish uyushgan holda amalga oshirilishiga va’da bergan hamda Fransiya elchisini Nigerdan chaqirib olish qarorini e’lon qilgan.
Ma’lumot uchun, Niger Fransiyaning sobiq mustamlakasi. Mamlakatda 1,5 mingga yaqin fransuz askari joylashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyi oxirida Nigerda davlat to‘ntarishi o‘tkazildi, Prezident Muhammad Bazum hokimiyatdan ag‘darildi. U va uning oilasi isyonchilar tomonidan qo‘lga olindi. ECOWAS esa Abdurahmon Chiani boshchiligidagi qo‘zg‘olonchilardan Bazumni ozod etish va hokimiyatni saylangan prezidentga qaytarishni talab qildi.
Aks holda Nigerga harbiy intervensiya qilishni ham istisno qilmasligini bildirdi. 19 avgust kuni esa ECOWAS davlatlari Bosh shtablari rahbarlari harbiy aralashuv uchun kun belgilaganini e’lon qildi. Shundan so‘ng, Nigerdagi isyonchilarni qo‘llab-quvvatlayotgan Mali va Burkina-Faso hukumatlari Niameyga jangovar samolyotlar yubordi.
LiveBarchasi