Netanyaxu ham Trampni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi
Olam
−
08 iyul 2227 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Trampni tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatdi. Bu haqda Netanyaxuning o‘zi kecha, 7 iyul kuni kechqurun Vashingtondagi Oq uyda davlat kechki ovqatida ma’lum qildi.
“U biz gaplashayotganda, bir mamlakatda, bir mintaqada, ikkinchisida tinchlikni mustahkamlamoqda”, dedi Isroil Bosh vaziri Amerika Prezidenti haqida.
Netanyaxu Trampga Nobel qo‘mitasiga yuborgan maktub nusxasini topshirdi.
Kechki ovqat avvalida jurnalistlar AQSH Prezidentidan Isroil va HAMAS harakati o‘rtasida 22 oydan beri adovat davom etayotgan G‘azo sektorida sulhga erishish borasidagi ishlar qanday ketayotgani haqida so‘radi.
“Hech qanday kechikish bor deb o‘ylamayman. Menimcha, hammasi yaxshi ketmoqda”, dedi Tramp.
Uning fikricha, tomonlar “uchrashmoqchi va o‘t ochishni to‘xtatmoqchi”.
Netanyaxu, o‘z navbatida, Isroil G‘azo sektori ustidan nazoratni “doimo” saqlab qolishini va bu nazoratni to‘liq Falastin ma’muriyatiga o‘tkazmasligini aytdi.
“Odamlar bu to‘laqonli (Falastin) davlat emas, bu davlat emas, deyishadi. Bizga farqi yo‘q”, dedi Isroil Bosh vaziri.
6 iyul kuni Tramp, uning fikricha, yaqin kunlarda Isroil va HAMAS o‘rtasida kelishuvga erishish uchun “yaxshi imkoniyat” borligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 10 may kuni AQSH vositachiligida Hindiston va Pokiston hukumatlari bir necha kun davomida raketa zarbalarini almashgandan so‘ng o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralarni boshlashga kelishib olgandi.
Shundan so‘ng Islomobod Trampni Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga rasman tavsiya qilib, uning “qat’iy diplomatik aralashuvi va asosiy rahbariyatini” olqishladi.
24 iyun kuni Isroil va Eron Vashington bosimi ostida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi. Isroil harbiy-havo kuchlari 12 kundan beri Eron yadro inshootlari va Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondonlik markazlarini bombardimon qilgan edi.
Eron bunga javoban Isroil hududiga zarba berdi. AQSH 22 iyunga o‘tar kechasi Eronning Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy inshootlariga zarba berib, mojaroga kirishdi.
Operatsiyaning rasmiy maqsadi Eronning atom bombasini yaratishining oldini olish edi. Biroq bu qanchalik muvaffaqiyatli bo‘lganligi haqida hali aniq ma’lumot yo‘q.
20 iyun kuni Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Nobel Tinchlik mukofoti “faqat liberallarga berilgani uchun” shuncha urinishlariga qaramay, uni olmasligi haqida o‘z fikrini bildirdi. Ushbu nufuzli mukofotni AQSHning bir qancha prezidentlari olgan, ularning eng oxirgisi 2009 yilda demokrat Barak Obama edi.
Live
Barchasi