Yarim asrlik qaror: AQSH Eronga zarba berdi
Tahlil
−
22 iyun 8785 7 daqiqa
Bir haftadan beri davom etayotgan Eron-Isroil urushiga AQSH ham qo‘shildi. Amerika samolyotlari Erondagi uchta yadroviy ob’ekt – Fordo, Natanz va Isfaxonga zarba berdi. Prezident Tramp Eronga hujum qilish yoki qilmaslik bo‘yicha qarorni ikki hafta ichida qabul qilishi aytilgandi. Biroq bunday jiddiy qarorga kelish uchun Trampga ikki kun yetarli bo‘ldi.
“Reuters” agentligining yozishicha, Eron yadro ob’ektlariga zarba berishda AQSHning B-2 bombardimonchi samolyotlari foydalanilgan. Bungacha AQSH harbiy-havo kuchlarining B-2 yashirin bombardimonchi samolyotlari Missuri shtatidagi Uaytmen harbiy-havo kuchlari bazasidan havoga ko‘tarilgani va, ehtimol, Tinch okeanining g‘arbiy qismidagi Guam orolida joylashgan Anderson harbiy-havo kuchlari bazasiga yo‘l olgani xabar qilingandi.
Bu uchoq GBU-57 bunker yorar bombani tashishi va mazkur bomba 61 metrgacha chuqurlikdagi bunkerlarga, jumladan, Fordodagi uranni boyitish zavodiga ham hujum qilish mumkinligi aytilayotgandi. Ammo ko‘pchilik Fordodagi uranni boyitish zavodi 60 metr emas, balki 80-90 metr chuqurlikda joylashgani, GBU-57 esa unga yetib bora olmasligini taxmin qilgandi. 22 iyun kungi zarbada esa “Fox News” ma’lumotlariga ko‘ra, Fordoga hujumda oltita bunker bombalari ishlatilgan, boshqa ob’ektlarda esa 30 ta Tomohawk qanotli raketalari uchirilgan.
Tramp Eronga berilgan zarbalarni jamoasi bilan Oq uydagi Situation Room’dan nazorat qilib turdi. Oq uy Situation Room’dan olingan suratlarni e’lon qildi.
AQSH hujumi tugagach, ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lishni xushlaydigan Prezident Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘ida post qoldirib, AQSH harbiy-havo kuchlari samolyoti Eron havo hududini tark etganini ma’lum qildi.
“Biz Erondagi uchta yadroviy maydonga – Fordo, Natanz va Isfaxonga juda muvaffaqiyatli hujumni yakunladik. Hozirda barcha samolyotlar Eron havo hududidan tashqarida. To‘liq bomba yuki asosiy joy Fordoga tashlandi. Barcha samolyotlar uylariga eson-omon qaytmoqda. Buyuk amerikalik jangchilarimizni tabriklaymiz. Dunyoda buni qila oladigan boshqa armiya yo‘q. TINCHLIK VAQTI BO‘LDI!”, deb yozgan Amerika rahbari.
U mazkur hujumni Amerika Qo‘shma Shtatlari, Isroil va butun dunyo uchun tarixiy lahza ekanini qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, “Eron endi bu urushni tugatishga rozi bo‘lishi kerak”. Shuningdek, u Eronga tahdid qilib, agar AQSHdan qasos olishga urinish bo‘lsa, bu bugungidan-da ko‘proq kuch bilan qarshi olinishini aytdi.
Eronga hujum qilib bo‘lingach, Tramp Amerika xalqiga ham televizion murojaat yo‘lladi va “Zarbalar ajoyib harbiy muvaffaqiyat bo‘lgani”ni aytdi. U Eronning asosiy yadroviy boyitish inshootlari butunlay yo‘q qilinganini ta’kidladi.
Uch daqiqadan sal ko‘proq davom etgan nutqida Tramp Eronning kelajagi “tinchlik yoki fojia” bo‘lishini va AQSH harbiylari tomonidan zarba berilishi mumkin bo‘lgan boshqa ko‘plab nishonlar borligini qo‘shimcha qildi.
“Agar tinchlik tezda kelmasa, biz aniqlik, tezlik va mahorat bilan boshqa nishonlarga boramiz”, dedi u.
CBS News’ning xabar berishicha, 21 iyun kuni AQSH diplomatik yo‘l bilan Eronga murojaat qilib, zarbalar AQSHning barcha rejalari ekanini va u rejimni o‘zgartirishni maqsad qilmaganligini aytgan. Eronning Qum provinsiyasi inqirozga qarshi departamenti vakilining so‘zlariga ko‘ra, “Fordo yadroviy inshooti hududining bir qismi havo hujumiga uchragan”. Biroq ayni paytda Qum shahri aholisi uchun Fordo yadroviy majmuasi hududida hech qanday xavf yo‘q. Saudiya Arabistoni ham AQSHning Eronga hujumidan keyin podshohlik yoki Fors ko‘rfazidagi boshqa arab mamlakatlarida radiatsiya izlari topilmaganini bildirdi.
Eron davlat televideniyesi siyosiy direktori o‘rinbosari Hasan Abedini jonli efirda Eron uchta yadroviy ob’ektni “birmuncha vaqt oldin” evakuatsiya qilganini aytdi. Abedinining so‘zlariga ko‘ra, Eron “jiddiy zarar ko‘rmagan, chunki materiallar allaqachon olib chiqilgan”.
Xalqaro atom energiyasi agentligi ham 22 iyun kuni Eronning AQSH zarbalari natijasida nishonga olingan uchta yadroviy ob’ektida radiatsiya darajasining ortishi kuzatilmaganini ma’lum qildi.
AQSHning Eron Isroil urushiga aralashishi mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham shok xabar sifatida qabul qilindi.
Trampning bunday keskin qarori AQSHda siyosiy bo‘ronni keltirib chiqardi. Kapitoliy tepaligidagi katta respublikachilar Trampni qo‘llayotganiga qaramay, demokratlar uni qonunni buzishda, Konstitutsiyani buzishda va AQSHni Yaqin Sharqdagi yangi mojaroga olib kirishda ayblamoqda.
Masalan, Virjiniya shtatidan senator, Senatning Razvedka bo‘yicha saylangan qo‘mitasining yetakchi demokrati Mark Uorner – boshqa demokratlar singari, zarbadan xabardor bo‘lmagan. U Trampning Eronga zarba berish qarorini “Kongress bilan maslahatlashmasdan, aniq strategiyasiz, razvedka hamjamiyatining izchil xulosalarini hisobga olmasdan va Amerika xalqiga hech nimani tushuntirmasdan” qabul qilgani uchun qoraladi.
Shu o‘rinda qayd etish joizki, AQSH milliy razvedkasi rahbari Tulsi Gabbard mart oyida Eron hech qanday yadroviy qurol ishlab chiqmayotganini ma’lum qilgandi. Tramp esa iyun oyida Isroilning Eronga zarbasidan so‘ng, Gabbard adashganini aytdi.
AQSH hujumiga xalqaro munosabatga keladigan bo‘lsak, ayrimlar uni olqishlamoqda, ayrimlar esa qoralab, Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berish mas’uliyatsiz qadam bo‘lganini aytmoqda. Masalan, hujumdan so‘ng Tramp bilan qo‘ng‘iroqlashgan Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSHning harakatini ko‘klarga ko‘tarib olqishlayapti.
“Tabriklaymiz, Prezident Tramp. Sizning Eron yadroviy inshootlarini Qo‘shma Shtatlarning dahshatli va adolatli qudrati bilan nishonga olish haqidagi dadil qaroringiz tarixni o‘zgartiradi ... Prezident Tramp dunyodagi eng xavfli rejimni dunyodagi eng xavfli qurollarni inkor etish uchun harakat qilganini tarix qayd etadi”, dedi Netanyaxu.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish esa bunday harakatlarning oqibatlaridan xavotirga tushayotganini bildirdi.
“Bugun AQSHning Eronga qarshi kuch ishlatganidan qattiq xavotirdaman. Bu allaqachon urush yoqasida turgan mintaqada xavfli kuchayish va xalqaro tinchlik va xavfsizlikka bevosita tahdiddir. Bu mojaroning tezda nazoratdan chiqib ketishi, tinch aholi, mintaqa va dunyo uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi xavfi ortib bormoqda. Men a’zo davlatlarni keskinlikni pasaytirishga va BMT Nizomi va xalqaro huquqning boshqa qoidalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chaqiraman. Ushbu xavfli soatda tartibsizlik spiralining oldini olish juda muhimdir. Harbiy yechim yo‘q. Oldinga yagona yo‘l – diplomatiya. Yagona umid – tinchlik”, dedi u.
O‘z navbatida, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Tehron AQSHning "g‘azabli" zarbalariga javob berishning barcha imkoniyatlarini o‘zida saqlab qolishini aytdi.
"Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi bo‘lgan Qo‘shma Shtatlar Eronning tinch yadroviy inshootlariga hujum qilib, BMT Nizomi, xalqaro huquq va NPT qoidalarini qo‘pol ravishda buzdi. Bugun ertalab sodir bo‘lgan voqealar dahshatli va abadiy oqibatlarga olib keladi. BMTning har bir a’zosi bu o‘ta xavfli, qonunga zid va jinoiy xatti-harakatlardan xavotirda bo‘lishi kerak. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va uning o‘zini himoya qilish uchun qonuniy javob berishga imkon beruvchi qoidalariga muvofiq, Eron o‘z suvereniteti, manfaatlari va xalqini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlarni saqlab qoladi", deb yozdi vazir X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
AQSH zarbasidan ko‘p o‘tmay Eron Isroilga hujum qildi. Isroil harbiylari Eron mamlakat tomon raketalarning yangi to‘lqinini otganini aytib, odamlarni boshpana olishga chaqirdi. O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi ham ogohlantirish bilan chiqdi va Isroildagi o‘zbekistonliklarni yana bir bor xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga, mamlakatda bo‘lish vaqtida ehtiyotkorlikni oshirishga va raketa otishmalari paytida boshpanalarni tark etmaslikka chaqirdi.
SAXAL matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 22 iyun soat 03:45 dan 23 iyun 8:00 gacha mamlakatda xavfsizlik bo‘yicha yangi cheklovlar joriy etildi. Bu qaror mamlakatdagi vaziyatning keskinlashuvi munosabati bilan qabul qilindi.
Shunga muvofiq barcha ta’lim muassasalari o‘z faoliyatini to‘xtatadi. Barcha ishlab chiqarish korxonalari yopiladi, faqat harbiy va tinch aholi ehtiyojlari uchun zarur bo‘lgan tarmoqlar bundan mustasno. Ish joyiga borish taqiqlanadi.
AQSHning Eronga zarbasidan so‘ng Qosim Sulaymoniyning merosi bo‘lgan "Qarshilik o‘qi" harakati jonlandi. To‘g‘ri, ayni damda “Hizbulloh” ancha zaiflashgan. Ammo husiylar AQSH iqtisodiyoti va uning manfaatlariga zarba berishda davom etishi mumkin. Eronning Yamandagi mazkur proksi guruhi urushga qo‘shilganini e’lon qildi. Ular bu borada Erondan ruxsat so‘rab o‘tirmasligini ma’lum qildi. Husiylar AQSH kemalarini o‘zlaridan uzoqroq turishga chaqirdi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr