Eron uyg‘ondi. Tel-Avivga o‘t qo‘yildi

Tahlil

Isroil Eronga halokatli zarbalar berishda davom etyapti. Forslar esa kuzatuvchilar ko‘z o‘ngida falajlangandek taassurot uyg‘otyapti. Isroil Eronga qarshi hujumning ikkinchi to‘lqinini amalga oshirishga ham ulgurdi. Yahudiy davlati ikkinchi zarbalar paketini hatto keng ko‘lamda amalga oshirdi. Ilk hujumdan keyin hali o‘ziga kelib ulgurmagan Eron uchun bu to‘lqin katta talafotlar olib kelgani aytilmoqda. Ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, SAXALning ikkinchi hamlasi Tabriz, Hamadon, Kirmonshoh va Hurramobod shaharlariga qaratilgan. Bu safar avvalroq hujum qilingan Natanz yadroviy inshootiga yana zarba berilgan. Sherozdagi IRGK raketa ob’ekti, Kirmonshoh shahridagi harbiy bazalar, turli joylardagi aerodromlar va uranni boyitish inshootlari Isroilning navbatdagi nishoniga aylangan. Ammo hozircha forslardan biror bir ta’sirli javob yo‘q. Bir necha soatlar ichida ketma-ket ikki bor keng ko‘lamdagi hujumga uchragan Eron rasmiy idoralari hozircha faqat ijtimoiy tarmoq platformalaridagi sahifalarda “Eronning javobi qudratli va qonuniy bo‘ladi”, “Isroil mazkur harakatlari uchun pushaymon bo‘ladi”, “biz urushga tayyormiz” va shunga o‘xshash postlar chiqarish bilan band.

Avvalroq Isroilning Eronga bergan zarbalari ortidan Tehron javob sifatida yuzlab dronlar uchirgani haqidagi xabarlar ham noaniq. Erondagi OAV vositalari mamlakat xavfsizlik kuchlaridagi manbalariga tayanib xabar berishicha, ular javob hujumini tasdiqlamagan. Biroq Eron qurolli kuchlarining Xdagi sahifasida 800 dan ortiq dron Isroilga qarab yo‘l olgani haqida xabar berilgandi. Shuningdek, tarmoqlarda Isroilning bir qancha nuqtalarida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangragani, Iordaniya poytaxtida ham shunday holat kuzatilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Ayni damga kelib esa Isroilning Eron infratuzilmalariga beradigan keyingi zarbalari rasmiy Tehronning karaxt ahvolidan kelib chiqqan holda shunchaki vaqt masalasi xolos degan taassurot paydo bo‘lyapti.

Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar to‘g‘risidagi raqamlar yangilanib boryapti. Xususan, oldinroq Isroilning havo hujumlari oqibatida Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i, general-leytenant Muhammad Bag‘iriy halok bo‘lgandi. Yangilangan ma’lumotlarga ko‘ra, uning qizi Farishta Bag‘iriy ham Isroil hujumlari oqibatida vafot etgan. Bu haqda Farishta ishlagan “Defa Press” axborot agentligi xabar berdi. Umumiy hisobda esa Isroil 24 soatdan kamroq vaqt ichida 20 ga yaqin yuqori martabali Eron qo‘mondonini o‘ldirganligi aytilmoqda. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil hujumlari chog‘ida 78 kishi halok bo‘lgan. Eron Qizil Yarim Oy jamiyatining ma’lum qilishicha esa, Isroilning zarbalari mamlakatning 12 viloyatida kamida 95 kishini jarohatlagan.

Eron esa halok bo‘lgan qo‘mondonlari o‘rniga yangilarini tayinlab bo‘ldi. Jumladan, General-mayor Abdulrahim Musaviy Eron Qurolli kuchlari Bosh shtabiga boshliq etib tayinlangan bo‘lsa, Muhammad Pakpur Islom inqilobi qo‘riqchilari mudofaasi bosh qo‘mondoni etib tayinlangan. Shuningdek, general Ali Shodmoniy Xotam al-Anbiyo Favqulodda vaziyatlar qo‘mondonligi rahbari lavozimiga tasdiqlangan.

Forslar qasos o‘tida. Tel-Avivda portlashlar

Eronliklar Isroil bilan urushni talab qilib namoyishga chiqdi. Tehron va Eronning boshqa shaharlaridagi ko‘chalar odamlar bilan gavjum. Ular Isroilning aholi turarjoylari va yadroviy inshootlarga bergan zarbalariga zudlik bilan harbiy javob qaytarishni talab qilmoqda. Eron parlamenti esa tezkor yig‘ilish o‘tkazishi ma’lum qilindi. Eron parlamentining Isroil havo hujumlari bo‘yicha Milliy xavfsizlik va tashqi siyosat komissiyasi favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi. Komissiya a’zosi Ibrohim Rizoiyning so‘zlariga ko‘ra, Eron Isroil hujumlariga javoban halokatli operatsiya tayyorlamoqda. Ammo Isroil Mudofaa vazirligi yerosti shtab-kvartirasida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish chog‘ida mamlakat harbiy-havo kuchlari rahbariyatining aksariyat qismi yo‘q qilingani bois Eron hech qanday javob bera olmasligini ta’kidlab, rasmiy Tehronning potensialini shubha ostiga oldi. Mazkur xabarlar fonida Isroil Eronga uchinchi bor hujum qildi. Tehron nishon markazida bo‘ldi. Shundan so‘nggina nihoyat Erondan Isroilga ballistik raketalar yo‘l olgani aks etgan tasvirlar ijtimoiy tarmoqlarda birin-ketin paydo bo‘ldi. Zarbalar Tel-Avivga yo‘llanib, Isroil poytaxtida havo hujumidan sirenalar yangramoqda. Eronning gipertovushli raketalarining ayrimlari nishonga teggani ko‘ringan. “Temir gumbaz” hamma raketani ham tutib olishga ojizlik qilmoqda. Javob zarbasi sifatida yo‘llangan raketalar soni 150 ga yaqin ekani aytilmoqda. Tongda Tehronda sodir bo‘lgani kabi endi Tel-Avivda ham baland tutunlar hosil bo‘lmoqda. Jabrlangan yoki halok bo‘lganlar haqida hozircha aniq ma’lumotlar mavjud emas. 

“Isroil to‘xtamaydi”

Isroil Eron infratuzilmasiga zarba berishda davom etmoqda. Netanyaxu Isroil aholisini uzoq davom etishi mumkin bo‘lgan urushga tayyor turish haqida ogohlantirdi. U o‘z rejimini saqlab qolish uchun Eron bilan qancha to‘qnashuv kerak bo‘lsa, shuncha turib bermoqchi. “Wall Street Journal” esa Isroilning Eronga hujumi ikki hafta davom etishi haqida xabar berdi. Isroilning yuqori martabali rasmiysining nashrga bergan bayonotida, mamlakatning Eron yadro ob’ektlariga zarbalari hali yakuniga yetmagan va mazkur harakatlarni 14 kun davom ettirish rejalashtirilganini ma’lum qilgan. WSJ’ning qayd etishicha, bu muddat tahlilchilarning kutilmalariga mos keladi. Avvalroq bir qator ekspertlar bir kunlik zarbalar to‘lqini Eronning yadro dasturiga yetarlicha zarar yetkaza olmasligini bildirgan edi, chunki Eronning yadro salohiyati butun mamlakat bo‘ylab keng tarqalgan. Isroil bunday yondashuvni 2024 yilning kuzida Livanda ham qo‘llagan edi. O‘shanda Eronga aloqador “Hizbulloh” guruhining qurollari va infratuzilmasi yo‘q qilingan, rahbariyati esa yo‘qotilgan edi. Ismini oshkor etmagan rasmiyning WSJ’ga aytishicha, Eron bilan hozirgi mojaro ham xuddi shunday yakun topishi mumkin. So‘nggi voqealar esa Eron va Isroil to‘qnashuvi rostdan ham forslar uchun halokatli yakunlanishi mumkinligiga ishora qilyapti. Oyatulloh hokimiyati va uning tayanchi bo‘lgan Eron islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va boshqa harbiy tuzilmalar esa chuqur nokautga uchradi.

Bild nashriga ko‘ra, Eron armiyasi Isroil hujumiga qarshi ko‘r, kar va soqov holatda qoldi. Isroil harbiy havo kuchlari Eron hududida taxminan 100 ta nishonga hujum qilish uchun 200 ga yaqin samolyotdan, jumladan F-35, F-16 va F-15 uchoqlaridan foydalangan va bu jarayonda birorta ham samolyot yo‘qotmagan. Bundan tashqari, bombardimonchi samolyotlar boshqariladigan bombalarni tashlash uchun nishonlarga 50 km masofagacha yaqinlashgan. Shunga qaramay, faqatgina bitta harbiy bazada havo hujumidan mudofaa tizimi javob qaytargan xolos. Eronning yuzlab zobitlari va uchuvchilari Isroil hujumi boshlanganidan haqida hatto xabardor ham bo‘lmagan. Tahlilchilar bu holatda Isroil tomonidan kuchli kiberhujum va elektron urush vositalari qo‘llangan deb hisoblamoqda. Eronning havo hujumidan mudofaa tizimi aynan shu sababdan ishlamay qolgan bo‘lishi mumkin. Boshqa taxminlarga ko‘ra esa Mossad yana katta sahnaga chiqqan. Zarbalarning katta qismi Eron markazidan turib berilgan bo‘lishi mumkin. Bu bilan ko‘pchilik Isroilning halokatli hujumini yaqinda Rossiyada Ukraina maxfiy xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan “o‘rgimchak to‘ri” operatsiyasi bilan solishtirmoqda. Shuningdek, Eronning yuqori darajadagi harbiy mulozimlari va yadro olimlarining aniq yo‘q qilinishi mamlakat ichida Mossad agentlari keng palak yozgani va ular Eronda juda mustahkam o‘rnashgani haqidagi xulosalarga sabab bo‘lmoqda. Nishondagi shaxslarni o‘z uyida, bo‘lib ham yotoqxonasida yo‘q qilinishi kuchli va aniq razvedka ma’lumotlarisiz amalga oshmasligi tayin. Shu bois Eron xavfsizlik tizimi o‘z faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqishi kerakligi va tizimni Mossad agentlaridan tozalash lozimligi urg‘ulanmoqda. O‘tgan yili Tehronda Ismoil Xoniya ham o‘zi tunab qolgan joyda yo‘q qilinganidayoq Eron xavfsizlik tizimiga ishonch ancha susaygandi. 

Tramp: Eronga 60 kun berildi, bugun 61-kun edi

AQSH va Eron o‘rtasida anchadan buyon yadroviy muzokaralar davom etayotgandi. 15 iyun kuni mazkur muzokaralarning 6-raundi o‘tkazilishi belgilangandi. Ammo Eron bugun bu muzokaradan chiqqaniga ishora qildi, va forslar Trampning kelishuvlarga qaytish chaqirig‘iga javoban “qotillar bilan kelishuv bo‘lmaydi” deb javob qaytardi. AQSH prezidenti esa Truth Social’dagi sahifasida Eronga 60 kun muhlat berilgani, bugun esa 61-kun ekanini ma’lum qildi.

“Men Eronga bitim tuzish imkoniyatini qayta-qayta berdim. Ularga eng qat’iy so‘zlar bilan “shunchaki bajaring” dedim, ammo ular qanchalik harakat qilishmasin, bunga qanchalik yaqin kelishmasin uddalay olishmadi. Men ularning barchasi ular bilgan, kutgan yoki ularga aytilganidan ham yomonroq bo‘lishi haqida ogohlantirgan edim. AQSH dunyodagi eng yaxshi va eng halokatli harbiy texnikani ishlab chiqaradi. Bu shubhasiz. Isroilda ham bunday qurollar ko‘p va yanada ko‘payadi. Ular bunday qurollardan foydalanishni ham bilishadi", deb yozdi Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.

Shuningdek, Tramp bir necha kun oldin eronlik yuqori martabali harbiy mulozimlar juda katta ketgani, ayni damda esa ular halok bo‘lganini ham ta’kidladi. Bu bilan u o‘limidan bir kun oldin Isroil Eronga hujum qilgudek bo‘lsa, unga halokatli tarzda javob qaytarilishi haqida bayonot bergan Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi bosh qo‘mondoni Husayn Salamiyga ishora qilgan bo‘lishi mumkin.

“Ba’zi eronlik radikallar jasorat bilan gapirishgandi, ammo o‘zlarini nima kutayotganini bilishmagandi. Endi ularning hammasi o‘lgan. Bu hali boshlanishi! Allaqachon katta yo‘qotishlar va vayronagarchiliklar bo‘ldi. Ammo bu qirg‘inga chek qo‘yish uchun hali vaqt bor, chunki keyingi hujumlar yanada shafqatsizroq bo‘ladi”, deya qo‘shimcha qildi prezident.

Tramp, shuningdek, Tehron kech bo‘lmasdan oldin yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishishi lozimligini ham aytdi. Unga ko‘ra, hali ham kech emas. Bir tomonda esa yaqinda qizini yahudiy tadbirkorga uzatgan Eronning sobiq monarxi Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li Rizo Pahlaviy eronliklarni Oyatulloh hokimiyatini ag‘darishga chorlamoqda. U xalqaro miqyosda Eronning amaldagi hokimiyati uchun muxolifat hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing