“Neftchi” – “Turon” o‘yinidagi janjal bo‘yicha aybdorlarga jazo tayinlandi
Jamiyat
−
09 dekabr 2020
11403Joriy yilning 1 dekabr kuni Farg‘ona shahridagi “Istiqlol” stadionida “Neftchi” (Farg‘ona) va “Turon” (Yaypan) klublari o‘rtasidagi Pro liganing 20-tur o‘yini oxirida yuz bergan to‘polon bo‘yicha O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Tartib-intizom qo‘mitasi o‘zining qarorini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, O‘FA mutaxassislaridan iborat maxsus ishchi guruh Ichki ishlar vazirligi, “Neftchi” – “Turon” uchrashuvining tashkiliy ishlariga mas’ul barcha tashkilotlar bilan hamkorlikda uchrashuvda yuzaga kelgan mojaro bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borgan.
Har bir holat bo‘yicha surishtiruv ishlari yakuniga yetgach barcha kerakli ma’lumotlar, shuningdek, o‘yin qaydnomasi, uchrashuv nazoratchisi va komissarining bildirgilari, ommaviy tartibchizlik aks etgan videomateriallar O‘FA Tartib-intizom qo‘mitasiga taqdim etilgan.
Tartib-intizom qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, “Neftchi” klubi futbolchisi J.L.To‘raqulov uchrashuv bosh hakami Sh.Nasibullayevga qasddan tan jarohati yetkazgani uchun unga nisbatan O‘FA Intizom kodeksining 5.6 va 5.49-bandlariga asosan 10 yil muddatga futbol bilan bog‘liq har qanday faoliyat bilan shug‘ullanishdan chetlatish intizom chorasi qo‘llandi.
“Neftchi” klubi futbolchilari Sh.B.Abduraimov, S.M.Zokirov va J.Q.Qobulov uchrashuv bosh hakami Sh.Nasibullayevga hujum qilganligi uchun ularning har biri O‘FA Intizom kodeksining 5.48-bandiga asosan 1 yil muddatga futboldan chetlatildi va 15 million so‘mdan jarimaga tortildi.
“Neftchi” klubi futbolchisi D.F.Toshmatov uchrashuv yordamchi hakami D.Saylavovga nisbatan tajavuzkor harakat qilganligi uchun Intizom kodeksining 5.49-bandiga asosan 10 ta rasmiy uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi.
Uchrashuv yakunlangandan so‘ng muxlislar futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqargani, “Neftchi” futbol klubi mas’ullari jamoat tartibini saqlash bilan bog‘liq yetarlicha choralar ko‘rilishini ta’minlamagani uchun “Neftchi” futbol klubiga nisbatan Intizom kodeksining 5.4-bandiga asosan 3 ta uy uchrashuvini muxlislarsiz o‘tkazish va 100 million so‘m miqdorida jarima intizom chorasi qo‘llandi.
“Uchrashuvdan so‘ng stadionga tashrif buyurgan tomoshabinlar tomonidan futbol maydonida va unga yondosh hududlarda tartibsizliklar keltirib chiqarilishi holatini muhokama qilish hamda “Istiqlol” stadioni ma’muriyatiga chora ko‘rish bo‘yicha Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga taqdimnoma yuborildi”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, o‘yindan keyingi janjal bo‘yicha 6 kishiga jinoyat ishi ochildi, 5 kishiga ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Superligaga chiqish yo‘llanmasini taqdim etuvchi o‘yinda “Turon” jamoasi kichik hisobda (0:1) g‘alaba qozondi.
LiveBarchasi