Neft-gaz sanoatidagi tayinlovlar, deputatlar taklifi, yoqib yuborilgan hokim o‘rinbosari va boshqa xabarlar

Jamiyat

Bugun, 23 iyulning eng muhim voqealari tafsiloti.

Toshkent shahar IIBB Uchtepadagi voqeaga izoh berdi

Uchtepa tumanida patrul avtobusi haydovchisini xaqorat qilgan va ichki ishlar xodimini urgan shaxslar kuch bilan to‘xtatildi. Unga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Diqqat! Kuch ishlatar tizimlar bugun “maxsus operatsiya” o‘tkazadi

Bugun, 23 iyul kuni Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni polkovnik Oybek Saidov rahbarligida Navoiy shahridagi Kuch ishlatar tuzilmalari bilan hamkorligida Bunyodkor ko‘chasi va unga tutash yo‘llarda tungi soat 20:30 dan 21:30 gacha shahar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha katta masshtabdagi o‘quv mashg‘uloti o‘tkaziladi.

Deputatlar kutilmagan taklif bilan chiqdi

Deputatlar sud tomonidan jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining yetmish foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda u qolgan summani to‘lashdan ozod etilishini taklif qildi.

Qashqadaryoda tadbirkor hokimiyat odamini yuziga benzin sepib, yoqib yubordi

Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayev tadbirkorning do‘konini buzayotgan vaqtda aynan o‘sha tadbirkor tomonidan benzin sepib, yoqib yuborildi.

O‘zbekistonda Energetika sohasidagi jiddiy o‘zgarishlar

“O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisi etib Ulug‘bek Husanovich Sayidov tayinlandi. U avval “O‘zbekneftegaz” AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.

“Hududta’minotgaz” AJ boshqaruv raisi etib, avval “O‘ztransgaz” AJ boshqaruv raisi bo‘lgan Bahodir Beshimovich Eshmurodov tayinlandi.

Bulardan tashqari, “O‘zbekneftegaz” AJ, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududta’minotgaz” AJ boshqaruv raislariga o‘rinbosarlar tayinlandi.

Shahar bedarvozami? Mashina “kapoti”da sayr qilganlarga qanday chora ko‘riladi? (video)

Kecha, 22 iyul kuni QALAMPIR.UZ muxbiri Toshkent shahrining “Rohat” aylanma yo‘li bo‘ylab harakatlanayotganda bir voqeaga guvoh bo‘ldi va uni video tasvirga tushirdi.

Videoda yo‘lninng asosiy bo‘lagida harakatlanib kelayotgan davlat raqami 01 E 543 HA bo‘lgan “Jiguli” mashinasining orqa “kapoti”da yoshi 30-35 dan oshgan ikki erkak o‘tirib olgani aks etgan. Bu holat “Rohat” aylanma yo‘lidan boshlab Parkent ko‘chasidan o‘tgan katta trassadan mashina qayrilib ko‘cha ichiga kirib ketgunigacha davom etgan. Undan keyin nima bo‘lgani bizga ayon emas.

Rossiyada bolalar lageri yondi. Qurbonlar bor (video)

Bugun, 23 iyul kuni Rossiyaning Xabarovsk o‘lkasidagi “Xoldomi” turistik majmuasida yong‘in yuz berdi. Yong‘in soat 2:31 da yuz bergan. O‘sha vaqtda majmuadagi chodirli lager hududida 7-15 yoshlardagi 189 nafar bola bo‘lgan. Lagerda 26 ta chodir bo‘lgan va ularning 20 tasi butunlay yonib ketgan. Yong‘in jam 240 kv metr maydonni qurshab olgan.

Qirg‘iz-tojik chegarasida qurolli mojaro yuz berdi (video)

Kecha, 22 iyul kuni Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida qurolli mojaro yuz berdi. Oqibatda besh kishi jabrlandi. Mojaroga Tojikistonning Vorux qishlog‘i aholisi o‘z qishloqlariga kiraverishda flagshtok o‘rnatishi sabab bo‘ldi.

Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri kimligi aniq bo‘ldi

Londonning sobiq meri, Buyuk Britaniyaning sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson Konservatorlar partiyasining yangi raisi etib saylandi. Endi u mamlakat Bosh vaziri bo‘ladi. 

Jonson ertaga, 24 iyul kuni Buyuk Britaniya Bosh vaziri sifatida rasman ish boshlaydi.

Koreyada o‘zbekistonlik talabalar hibsga olindi (video)

Janubiy Koreyada o‘zbekistonlik va qirg‘izistonlik talabalar velosiped o‘g‘irlagani uchun qo‘lga olindi. Ikki nafar O‘zbekiston va bir nafar Qirg‘iziston fuqarosi ikki hafta davomida ko‘p qavatli uylar oldida qoldirilgan 34 ta velosipedni o‘g‘irlagan. Politsiya ularni Chondju shahrida qo‘lga olgan.

Habib Nurmuhamedovning vorisi kim ekanligi aytildi

Aralash qoidalar jangchisi Habib Nurmuhamedovning otasi va ustozi Abdulmanop Nurmuhamedov sportda o‘g‘lininng o‘rnini kim egallashi mumkinligini aytdi.

“Rashid Vagapov va Usmon Nurmuhamedov — o‘z yosh toifasida eng yaxshilardan biri hisoblanadi. Ular albatta Habib va Rustam Habilov o‘rnini egallay oladi (har ikki sportchi ham UFC’da ishtirok etadi). Bular bizning kelajagimiz”, deya ta’kidlagan Habibning otasi.

Usman Nurmuhamedov Habib Nurmuhamedovning amakivachchasi hisoblanadi. 21 yoshli jangchi Bahraynning Brave kompaniyasi tomonidan tashkillashtiriladigan janglarda ishtirok etadi. 


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

10

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing