Nazarboyevning sobiq jiyan kelini tergov qilinmoqda 

Olam

image

Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari respublikaning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldiulining sobiq rafiqasi Gulmira Satibaldiga nisbatan o‘ta yirik miqdorda byudjet mablag‘larini o‘zlashtirish fakti bo‘yicha tergov o‘tkazmoqda. Bu haqda Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi matbuot xizmati ma’lum qilgan. 

“Chimkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati tomonidan “Chimkent shahar yo‘lovchi transporti va avtomobil yo‘llari boshqarmasi” davlat muassasasi mansabdor shaxslari hamda “Ariya-Jana Astana” MCHJ rahbariyatiga nisbatan, shu jumladan Gulmira Satibaldiga nisbatan 2021 yilda amalda bajarilmagan qurilish-montaj ishlari uchun to‘langan 747 million tenge (1,6 million dollar) miqdoridagi byudjet mablag‘larini o‘zlashtirganlik fakti bo‘yicha sudgacha tergov harakatlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, tergov manfaatlaridan kelib chiqib boshqa ma’lumotlar oshkor qilinishi mumkin emas. 

Ma’lumot o‘rnida, Qayrat Satibaldiuli 1970 yilda tug‘ilgan. O‘tgan yillar davomida u Milliy xavfsizlik qo‘mitasida, hukmron “Nur Otan” (hozirgi “Amanat”) partiyasida faoliyat ko‘rsatgan, tadbirkorlik bilan shug‘ullangan. 

Joriy yilning 13 mart kuni Qozog‘iston Korrupsiyaga qarshi kurash xizmati Satibaldiulini mansab vakolatini suiiste’mol qilish va “Kazaxtelekom” AJ mablag‘larini o‘g‘irlashda gumon qilib hibsga olgan. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Satibaldiulining davlat xavfsizligiga putur yetkazuvchi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 15 mart kuni Nur-Sulton shahar ixtisoslashtirilgan tumanlararo tergov sudi Satibaldiulini ikki oyga hibsga olishga ruxsat bergan. 

Avvalroq, Nazarboyevning ukasi Bolat Nazarboyev va kuyoviga aloqador noqonuniy mayning (kriptovalyutalarni ishlab chiqaruvchi fermalar) kompaniyalari aniqlangani haqida xabar bergandik.  

Nazarboyevning o‘zi Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlaridan keyin ilk marta Turkiyada ko‘rinish bergandi. U joriy yilning 9 mart kuni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning taklifiga binoan Diplomatik forumda ishtirok etish uchun Antaliyaga borgan. 


Maqola muallifi

Teglar

Nazarboev jiyan kelin

Baholaganlar

144

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing