Hibsdagi “tillaga ko‘milgan kelin” eriga qarshi ko‘rsatma berdi
Olam
−
17:56 2623 5 daqiqa
“Vanlik Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan Mehmet Fotih Tanchalanning rafiqasi Chag‘li O‘z Tanchalanning prokuraturada bergan ko‘rsatmalari ma’lum bo‘ldi. U erining “taqinchoqlar ijaraga olingan edi” degan bayonotini rad etib, tilla buyumlar sotib olinganini aytdi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.
Uning aytishicha, to‘yda e’lon qilingan 43 million turk lirasi qiymatidagi taqinchoqlar haqidagi ma’lumot ham to‘qib chiqarilgan. Tanchalan Moliyaviy jinoyatlarni tergov qilish qo‘mitasi – MASAK (Mali Suçları Araştırma Kurulu) hisobotlari va qimmatbaho avtomobillar harakati bo‘yicha ham tushuntirish berib, erini ko‘z-ko‘z qilish uchun mavjud bo‘lmagan pul bilan maqtanganlikda ayblagan.
Chag‘li O‘z Tanchalan eri Mehmet Fotih Tanchalanning taqinchoqlar haqidagi bayonotiga zid ravishda, tilla buyumlar ijaraga olinmagani, sotib olinganini bilishini aytgan. U to‘yda taqilgan barcha tilla buyumlar kecha oxirida eri tomonidan olib ketilganini, keyinchalik ular Muradiyeda o‘tkazilgan tintuv vaqtida o‘tinxonadagi chamadondan topilganini bildirgan.
Chag‘li O‘z Tanchalan to‘yda 43 million lira yig‘ilgani haqida ma’lumoti yo‘qligini, e’lon qilingan ismlarning aksariyati to‘qib chiqarilganini va bu e’lonlar ko‘z-ko‘z qilish maqsadida qilinganini aytgan.
Chag‘li O‘zning ko‘rsatmasiga ko‘ra, unashtiruv marosimida unga marjon va ikkita bilaguzuk taqilgan, toj hamda belbog‘ esa zargardan vaqtincha olingan. Uning aytishicha, marjon va bilaguzuklarni keyinchalik Mehmet Fotih Tanchalan va uning oilasi sotib olgan. Mazkur taqinchoqlar to‘yda ham kelinning o‘ziga taqilgan.
Chag‘li O‘z joriy yilning 6 sentyabr kuni Van shahrida o‘tkazilgan to‘yni eri tashkillashtirganini, tadbir xarajatlari qaysi mablag‘ hisobidan qoplanganini bilmasligini bildirgan. Uning aytishicha, to‘y davomida o‘ziga taqilgan barcha tilla buyumlarni kecha yakunida eriga bergan. Shundan so‘ng u dugonalari bilan mehmonxonaga, eri esa do‘stlari bilan boshqa joyga ketgan.
Keyinchalik tilla buyumlar Muradiyeda huquq-tartibot xodimlari o‘tkazgan tintuv vaqtida o‘tinxonadagi chamadondan topilgan. Chag‘li O‘z ayrim bilaguzuklarning soxta ekanini keyinchalik yangiliklardan bilganini aytgan. U eridan nega bunchalik ko‘p tilla borligini so‘raganida, Mehmet Fotih Tanchlan “Bu qabila hududi, to‘ylarda hamma shuncha tilla taqadi”, deb javob bergan.
To‘yda “Haydar Beyning to‘yiga kelgan sovg‘alar, taqinchoqlar va IBAN orqali tushgan pullar bilan birga 43 million lira” yig‘ilgani haqida e’lon qilingani ham tergov doirasida o‘rganilmoqda. Chag‘li O‘z bunday miqdordagi pul yig‘ilganini bilmasligini, e’lon qilingan ismlarning aksariyati to‘qib chiqarilganini aytgan.
Uning ta’kidlashicha, erining ko‘rsatmasi bilan to‘yda aslida olinmagan pullar haqida ham e’lon qilingan. Chag‘li O‘z bu orqali Mehmet Fotih Tanchalan o‘ziga katta miqdorda pul kelganini odamlarga ko‘rsatishni istaganini bildirgan. U erini mavjud bo‘lmagan mablag‘ni bordek ko‘rsatib, odamlar oldida maqtanishni yaxshi ko‘radigan inson sifatida ta’riflagan.
MASAK tekshiruvlarida aniqlangan pul o‘tkazmalari bo‘yicha ham Tanchalanning izohi olingan. U eri bilan o‘rtasidagi qariyb 1,5 million liralik pul harakatlarini qarz oldi-berdisi bilan izohlagan.
Shuningdek, u onasiga 221 ta operatsiya orqali qariyb 5,2 million lira yuborganini, bu mablag‘lar onasining ehtiyojlari, ijara va kundalik xarajatlari uchun berilganini aytgan. Onasidan 303 ta operatsiya orqali qariyb 6 million 69 ming lira kelgani haqida esa bu avval jamg‘arib turish uchun onasiga yuborgan va keyinchalik zarurat tug‘ilganda qaytarib olgan o‘z puli ekanini bildirgan.
Mehmet Fotih Tanchalanning jiyani Muhammed Sait Tanchalan hisob raqamidagi pul harakatlariga ham izoh berilgan. Chag‘li O‘z Tanchalan eri aliment bo‘yicha sud ishi sababli o‘z hisob raqamlaridan foydalana olmaganini, shu bois ayrim hollarda pul yuborish uchun jiyanining hisobidan foydalanganini aytgan. MASAK ma’lumotlarida ushbu hisob raqam orqali 11 ta operatsiyada 644 ming liralik pul harakati aniqlangani qayd etilgan.
Qimmatbaho avtomobillarning oila a’zolari o‘rtasida qayta-qayta rasmiylashtirilishi ham tergovda ko‘rib chiqilgan. MASAK bunday harakatlarni mol-mulk manbasini yashirish, moliyaviy kuzatuvni qiyinlashtirish va ehtimoliy xatlov choralarini chetlab o‘tishga xizmat qilishi mumkin bo‘lgan “qatlamlash” jarayoni sifatida baholagan.
Tanchalan esa ushbu baholashni rad etib, avtomobillar maxsus davlat raqamlarini yangi mashinaga o‘tkazish uchun qisqa muddatga oila a’zolari nomiga rasmiylashtirilganini aytgan. U bunday harakatlarning pulni legallashtirishga aloqasi yo‘qligini ta’kidlagan. O‘z nomidagi qimmatbaho avtomobilni esa tijoriy faoliyatidan olgan daromadlari hisobidan sotib olganini bildirgan.
MASAK hisobotida Tanchalanning 2020 yildan buyon deklaratsiya qilgan qariyb 1,1 million liralik foydasi bilan uning namoyish etgan turmush tarzi o‘rtasida nomuvofiqlik borligi ham qayd etilgan. Chag‘li O‘z Tanchalan esa ijtimoiy tarmoqlar va savdo faoliyatidan daromad olganini aytib, faqat so‘nggi 3 oyda kosmetika mahsulotlarini reklama qilish orqali Trendyol platformasidan 2,5 million lira daromad qilganini bildirgan. Uning aytishicha, bu daromadlar bo‘yicha hisob-faktura rasmiylashtirilgan.
Tanchalan MASAK hisobotida xato bo‘lishi mumkinligini, soliq yoki tijoriy deklaratsiyalarida kamchilik aniqlansa, ularni to‘ldirishga tayyor ekanini ham aytgan.
Shu bilan birga, u o‘zining noqonuniy pullarga aloqasi yo‘qligini ta’kidlab, eri ko‘z-ko‘z qilishni va maqtanishni yaxshi ko‘rishini bildirgan. Tanchalanning so‘zlariga ko‘ra, eri ijtimoiy tarmoqlarda mavjud bo‘lmagan mablag‘ni bordek ko‘rsatgan, dabdabali hayot tarzini esa odamlardan qarz olib davom ettirgan.
Van Respublika Bosh prokuraturasi hozirda MASAK ma’lumotlari, bank operatsiyalari, qimmatbaho avtomobillarning qayta rasmiylashtirilishi, to‘yda taqilgan tilla buyumlar hamda gumonlanuvchilar va ularning yaqinlari o‘rtasidagi pul harakatlarini o‘rganishda davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Van shahrida ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgan moda dizayneri va tadbirkor Chag‘li O‘z hamda “Vanli Qora Haydar” laqabi bilan tanilgan bloger Mehmet Fotih Tanchalanning to‘yida ularga taqilgan katta miqdordagi oltin va pullar tekshiruvga sabab bo‘lgan edi. Kelinning o‘ziga 52 kilogramm oltin, kuyovga esa 44 million turk lirasi taqilgani aytilgan. Tergov doirasida kuyov Mehmet Fotih Tanchalan va uning rafiqasi ham hibsga olingan edi.
Live
Barchasi