Turkiyada o‘zbekistonlik kelin 103 ming dollarlik tillani o‘g‘irlab ketdimi?

Jamiyat

image

Turkiyaning Mug‘la viloyati Milas tumanida O‘zbekiston fuqarosi, 28 yoshli Ma’mura Burxonova 3 kecha-yu 3 kunduz davom etgan to‘yidan so‘ng uyda qolgan tilla va ziynat buyumlari bilan birga g‘oyib bo‘ldi. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Milas tumanining Chomakdag‘ Qizilag‘och mahallasida yashovchi Mustafo Atesho‘g‘li 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Ma’mura Burxonova bilan sovchilar orqali tanishgan. Ular unshashtirilgan va joriy yilning 19 avgust kuni turmush qurgan.

To‘y yuruklar madaniyati keng saqlanib qolgan mahallada 3 kecha-yu 3 kunduz davom etgan. To‘y doirasida qariyb 500 yillik an’anaga ega tungi yog‘li kurash musobaqalari ham tashkil etilgan. To‘yga jami qariyb 10 million lira sarflangani aytilgan. Kuyov Mustafo Atesho‘g‘li faqat yog‘li kurashlarni tashkil qilish uchun 1,5 million lira sarflaganini bildirgan.

To‘y tugaganidan keyin esa oilada muammo yuzaga kelgan. Ma’mura Burxonova uydan chiqib ketgan va oila u bilan bog‘lana olmagan. Uy tekshirilganida to‘yda taqilgan tilla va boshqa ziynat buyumlari ham yo‘qligi aniqlangan. Dastlab yo‘qolgan tillalarning qiymati taxminan 5 million lira deb baholangan. Oila tillalarni kelin o‘g‘irlab ketganini iddao qilib, prokuraturaga murojaat qilgan.

Shundan so‘ng, joriy yilning 3 sentyabr kuni Mustafo Atesho‘g‘li politsiyaga ariza berib, xotini to‘yda taqilgan taxminan 3 million liralik ziynat buyumlari, 300 ming lira naqd pul va iPhone 15 telefonini olib, uydan ketganini bildirgan.

“Faqat kurashlarni tashkil qilish uchun 1 million 500 ming lira sarfladim. Ketgan pulning ortidan quvmayapman. Sha’nim va g‘ururim ortidan quvmoqdaman”, degan Mustafo Atesho‘g‘li.

Shikoyatdan so‘ng, politsiya Ma’mura Burxonovani qidirishni boshlagan. Tekshiruv davomida uning nomiga avtobus yoki mehmonxona qaydlari aniqlanmagan. Uyda o‘tkazilgan tintuvlarda ham yo‘qolgan millionlab liralik ziynat buyumlari topilmagan. Biroq joriy yilning 4 sentyabr kuni soat 13:30 atrofida Burxonovaning o‘zi politsiya bo‘limiga borib, bayonot bergan.

Kelin politsiyadagi bayonotida o‘ziga qo‘yilgan millionlab liralik ziynat buyumlarini olib qochganlik haqidagi da’volarni rad etgan. U to‘yda taqilgan buyumlardan faqat 20 dona tilla va 226 ming lirani olganini tan olgan.

Burxonova, shuningdek, uydan chiqqach onasi yashaydigan Ikiztoshdagi uyga borganini bildirgan. Qolgan tillalar esa qaynotasi Mehmet Atesho‘g‘lida ekanini aytgan. Burxonova bu da’vosini tasdiqlovchi yozishmalarni ham tergov materiallariga taqdim etgan. U iPhone 15 telefonini ham o‘zi o‘g‘irlamaganini, telefonni eri Mustafo Atesho‘g‘li foydalanishi uchun berganini aytgan.

Shuningdek, Burxonova eri Mustafo Atesho‘g‘li va qaynotasi Mehmet Ateshog‘lu o‘ziga hamda onasiga nisbatan haqorat va tahdidlar qilganini iddao qilgan. Uning aytishicha, aynan shu sababli u avvalroq politsiyaga murojaat qilishdan qo‘rqqan. Shundan so‘ng, kelinning o‘zi ham eri va qaynotasi ustidan shikoyat qilgan.

Hozirda tomonlarning tilla, naqd pul, telefon, tahdid va haqorat bo‘yicha bir-biriga bildirgan da’volari yuzasidan tergov davom etmoqda. Burxonovaning bayonotidan so‘ng ish hujjatlari prokuraturaga yuborilishi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Istanbul shahrida o‘zbekistonlik 36 yoshli ayol 56 yoshli sevgilisi Rajab O‘nderdan 900 000 turk lirasi (taxminan 20 000 dollar) olib, uni aldab ketgani haqida xabar berilgan edi. Keyinchalik ayol bu iddaoni rad qilib, undan bu miqdordagi pulni olmaganini bildirgan. Keyinroq u hibsga olindi va O‘zbekiston tomoni, xususan, “O‘zbek xotin-qizlari huquqlarini himoya qilish jamiyati” hamda O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi yordamida ozodlikka chiqdi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing