Jizzaxda kelinga unitaz suvi ichirilib, suvarak zahri berildi

3-sahifa

−

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Jizzax viloyatida kelin bir necha oy davomida unitaz suvini ichishga, suvarakka qarshi zaharni yeyishga majburlangani va ustidan qaynoq suv quyilgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 6 sentyabr kuni Sharof Rashidov tumani Qahramon mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi F.M. issiq suv sepilishi oqibatida turli darajadagi kuyish jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filialiga yotqizilgan.

Tibbiy muassasa ma’lumotnomasiga ko‘ra, fuqaroga tanasining chap qo‘l yelka sohasi, chap oyoq son sohasi, o‘ng oyoq tizza bo‘g‘imi va qorinning qovuq sohasida 6-8 foiz miqdoridagi 2-3A darajali kuyish jarohatlari tashxisi qo‘yilgan.

Mazkur holat yuzasidan tezkor-tergov guruhi tuzilib, voqea joyi ko‘zdan kechirilgan hamda aniqlangan ashyoviy dalillar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. Shuningdek, jabrlanuvchi F.M.ning tan jarohatlariga huquqiy baho berish maqsadida sud-tibbiyot ekspertizasi tayinlangan. 

Holat yuzasidan 8 sentyabr kuni Sharof Rashidov tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 109- (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 1-qismi va 110-moddalari (qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda mazkur jinoyat ishi hamda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarda aks etgan holatlarni har tomonlama va xolisona o‘rganishga qaratilgan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Tergov yakuniga ko‘ra, holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi.

“Nemolchi.uz” loyihasiga ko‘ra, Jizzaxda sodir bo‘lgan mudhish voqeada kelin qaynonasi va qaynopalari tomonidan oylar davomida shafqatsiz qiynoqqa solingan. 2026 yil may oyida ayolning turmush o‘rtog‘i qamalganidan so‘ng, qaynonasi va qaynopasi uning nomiga kredit va oltin buyumlarni nasiyaga olishga majbur qilgan. Iyul oyida kelin bu haqda eriga aytib berganidan so‘ng, uni ijaraga olingan xonadonga qamab qo‘yib, shafqatsizlarcha kaltaklash va ruxiy hamda jismoniy qiynoqqa solishni boshlagan. Ayolning besh oylik farzandini tortib olgan, o‘zini esa och-nahor saqlab, suvarak dorisi yeyish va hojatxona suvini ichishga majbur qilgan. 29 avgust kuni esa qaynopalaridan biri kelinning ustiga va jinsiy a’zolariga ataylab tuz hamda soda aralashtirilgan qaynoq suv quygan. 6 sentyabr kuni ayol balkondagi yong‘in zinapoyasi orqali 3-qavatdan qochib chiqishga muvaffaq bo‘lgan va otasiga bog‘lanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida erkak ayoli va uning yangi tug‘ilgan farzandiga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik qilib, ularni 5 oy davomida majburan molxonada saqlagani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing