Nazarboyevning qizi Britaniya fuqaroligini olish uchun qasr xarid qilgan
Olam
−
10 yanvar 2022
14656Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva Buyuk Britaniya fuqaroligini olish maqsadida mamlakatdan 300 million dollar olib chiqib ketgan va Londondan uy sotib olgan. Bu haqda “The Sunday Telegraph” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, Nursulton Nazarboyevning kenja qizi Aliya Nazarboyeva 2006 yilda Britaniya fuqaroligini olish niyatida London shimolidan saroy sotib olgan. “The Sunday Telegraph” nashrining aniqlik kiritishicha, ushbu xarid 41 yoshli Aliya Nazarboyevaning respublikadan 300 million dollar olib chiqib ketganidan keyingi eng muhim xaridlaridan biriga aylangan. Ushbu katta hajmdagi harajat Aliya Nazarboyevaning qarindoshi va uning moliyaviy maslahatchilari o‘rtasida mojaro kelib chiqqanidan keyin ma’lum bo‘lgan.
Aniqlik kiritilishicha, Aliya 8,75 million funt sterling Xaygeyt hududidan, yana 14 million dollar Dubaydan uy sotib olishga sarflagan. Bundan tashqari, siyosatchining qizi qiymati 18 million funt sterling bo‘lgan Bombardier Challenger hashamatli samolyotining egasiga aylandi.
Ma’lum qilinishicha, hashamatli uylar va samolyotni sotib olish Aliya va uning moliyaviy vazifalarni hal qilishga yordam bergan maslahatchilari o‘rtasida nizo kelib chiqqandan keyin ma’lum bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, 165 million funt sterlinglik da’voni aks ettirgan janjal keyinchalik maxfiy kelishuv bilan hal qilingan.
“The Sunday Telegraph”ning yozishicha, 2006 yilda Nazarboyeva o‘z ixtiyoridagi aksiyalar paketlarining bir qismini sotgan va ular uchun taxminan 325 million dollar olgan. Maslahatchilar xizmatidan foydalanib, u Lixtenshteynda fond tashkil qilgan va maslahatchilariga 150 million dollar ishonib topshirgan. Keyinchalik u maslahatchilarni tuzilgan shartnomalarni buzganlikda va u orqali nohaq yo‘l bilan qo‘shimcha daromad olganlikda ayblagan.
Qozog‘istonda namoyishlar
Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.
Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.
5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.
Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.
Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.
Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.
Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
LiveBarchasi