Nazarboyevning qamalgan jiyani “Kazaxtelekom”ning aksiyalarini davlatga qaytardi 

Olam

image

“Kazaxtelekom”ning 28,8 foiz aksiyasi davlat mulkiga qaytarildi. Bu haqda Qozog‘iston hukumati matbuot xizmati xabar bergan.  

Qimmatli qog‘ozlar davlatga Skyline Investment Company S.A. xususiy kompaniyasi va “Alatau Capital Investment” MCHJ tomonidan o‘tkazilgan. Bu firmalar biznesmen va Birinchi Prezident Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldi tomonidan boshqariladi. 

“Skyline Investment” telekommunikatsiya korporatsiyasining 2,6 milliondan ortiq aksiyasini, Alatau Capital esa 400 mingdan ortiq qimmatli qog‘ozlarini davlat mulkiga o‘tkazdi”, deyiladi xabarda. 

Bu “Kazaxtelekom” qimmatli qog‘ozlari umumiy ulushining deyarli 28,8 foizini tashkil etadi. 

Mazkur qaror imzolangan kundan e’tiboran kuchga kiradi. 

“Kazaxtelekom” aksiyalarining deyarli to‘rtdan bir qismi 2018 yilda Lyuksemburgning Skyline Investment Company S.A. kompaniyasining mulkiga aylangan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning fevralida Skyline Investment Company S.A.ning yagona asoschisi Qayrat Satibaldi ekani ochiqlangan. 

Satibaldi 2015 yildan beri “Alatau Capital Investment”ning ham boshqaruvchi hamkori hisoblanadi. Uning nazoratidagi kompaniyalar aksiyalarining qaytarilishi “Kazaxtelekom”ni monopoliyadan chiqarish rejalari e’lon qilinishi va Satibaldiga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilishi ortidan sodir bo‘lgan. 

Joriy yilning 13 mart kuni tadbirkor Qozog‘iston korrupsiyaga qarshi xizmati tomonidan mansab vakolatini suiiste’mol qilish va “Kazaxtelekom” mablag‘larini o‘ta yirik miqdorda o‘g‘irlashda gumonlanib hibsga olingan edi. Ertasi kuni kompaniyaning poytaxtdagi ofisida tintuvlar o‘tkazilgan. 15 mart kuni sud Satibaldini 2 oyga qamoqqa olishga ruxsat berdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Satibaldi

Baholaganlar

49

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing