Nazarboyev va uning qizi Qozog‘istonni tark etdi – OAV
Olam
−
07 yanvar 2022
32833Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev va uning qizlari oilasi bilan Qozog‘istonni tark etdi, deb yozmoqda mahalliy Orda.kz nashri o‘z manbalariga tayanib.
Ularga ko‘ra, mamlakatda faqat Nursulton Nazarboyevning katta akasi Bolat Nazarboyev qolgan.
“E’tiborlisi, Qozog‘istonda siyosiy inqiroz boshlanganidan beri na rasmiy hokimiyat, na davlat telekanallari va OAV Nursulton Nazarboyev va uning oila a’zolari nomini tilga oladi. Ular qayerda va qay ahvolda, gapirilmayapti. Bizda Birinchi Prezident va uning qizlari oilalari bilan Qozog‘istonni tark etgani haqida ma’lumotlar bor”, deb yozadi nashr Bosh muharriri.
Ma’lumki, Nursulton Nazarboyev mamlakatni 30 yil boshqargach, 2019 yilning mart oyida iste’foga chiqdi. Uning o‘rnini o‘sha vaqtdagi Senat raisi Qosim-Jomart To‘qayev egalladi. To‘qayevning o‘rniga esa Nazarboyevning to‘ng‘ich qizi – Darig‘a o‘tirdi. Ammo u ham ko‘p o‘tmay Senat koridorlarini tark etdi.
To‘qayev Prezident lavozimini egallagach, Nursulton Nazarboyevga Elboshi maqomini berdi. Shuningdek, mamlakat poytaxti Ostona shahri nomini Nazarboyev sharafiga Nur-Sulton deya o‘zgartirdi. Qolaversa, Birinchi Prezident Xavfsizlik Kengashini boshqarishni o‘zida saqlab qoldi.
Ayni vaqtda Nursulton Nazarboyevning qayerdaligi ma’lum emas. U joriy yilning 5 yanvar kuni Xavfsizlik Kengashi raisi lavozimidan ketdi. Boshqaruv Prezident To‘qayev qo‘liga o‘tdi. Mamlakatdagi qarshiliklar doirasida Nazarboyevning sobiq qarorgohiga o‘t qo‘yildi, haykali qo‘porib tashlandi.
Namoyishlar avj ola boshlaganda mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalarida Nursulton Nazarboyevning oilasiga tegishli ikki samolyot Qozog‘istondan Bishkek tomon yo‘lga chiqqani, Manas xalqaro aeroportiga borib qo‘ngani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq rasmiy Bishkek buni tasdiqlamadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlarda esa Nazarboyevning Dubayda ekani haqidagi ma’lumotlar ham yo‘q emas. Ammo bularning hech biri tasdiqlanmagan.
Shuningdek, Elboshi Nursulton Nazarboyevning jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. U Qozog‘istonda namoyishlar boshlanishi ortidan, bundan ikki kun avval Milliy xavfsizlik qo‘mitasining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgan edi.
Odatda biror bir mamlakatda Qozog‘istondagidek holatlar ro‘y bersa, davlat rahbarlari va yuqori lavozimli mansabdorlarning mamlakatdan chiqib ketgani haqida xabarlar tarqatiladi. Ko‘p hollarda bu ma’lumotlar o‘z tasdig‘ini topmaydi.
LiveBarchasi