Navoiy viloyatida biryo‘la 2 shahar va 4 tuman darvozalari berkitiladi
Jamiyat
−
27 mart 2020
8819Bugun, 27 mart kuni soat 12:00 dan boshlab, Navoiy va Zarafshon shaharlari, shuningdek, Uchquduq, Tomdi, Konimex va Xatirchi tumanlariga viloyatning barcha hududlaridan har qanday transport vositalarida (avtobus, mikroavtobus va yengil avtotransport) kirish va chiqish to‘xtatiladi.
Navoiy viloyati hokimligi xabariga ko‘ra, bu viloyat aholisining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasining viloyat hududi bo‘ylab tarqalishining oldini olish maqsadida maxsus komissiya qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Mazkur hududlarga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bog‘liq hollarga, shuningdek, shahar va tumanlarda (Navoiy, Zarafshon shaharlari, Uchquduq, Tomdi, Konimex va Xatirchi tumanlari) doimiy yashovchi (ro‘yxatdan o‘tgan) shaxslarga, mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat (xizmat) faoliyatini amalga oshirayotgan rahbar va xodimlar, shifokor va hamshiralar, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari hamda viloyat hokimining alohida topshirig‘iga asosan viloyat tumanlariga biriktirilgan mas’ul xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Shu bilan bir qatorda, 27 mart kuni soat 12:00 dan boshlab ushbu hududlarda avtobuslar harakati to‘xtatiladi.
“Viloyatning shahar va tumanlari hududlariga kirishga qo‘yilgan cheklovlar va karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi haqida ogohlantiramiz!
Aziz navoiyliklar, sizlarni yana bir bora karantin davrida tartib-intizom va amaldagi qonunchilik talablariga qat’iy rioya etishga hamda zarurat bo‘lmasa uyda qolishga chaqiramiz!”, deyiladi xabarda.
Avvalroq, Toshkent, Namangan, Andijon, Samarqand, Guliston va Buxoro shaharlari koronavirus sabab kirish va chiqish uchun yopilgani haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtda mamlakatda 75 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi