NATO urushga kiradimi? Stoltenberg alyansning favqulodda sammitida nimaga kelishilganini ochiqladi

Olam

image

NATO Ukrainaga qo‘shin yubormaydi, chunki bu Rossiya bilan keng ko‘lamli mojaroga olib keladi.  Bu haqda bugun, 24 mart kuni bo‘lib o‘tayotgan NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg alyansning bugun, 24 mart kuni o‘tkazilgan favqulodda sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida aytib o‘tdi. 

"Biz [Ukrainadagi] bu mojaro NATO va Rossiya o‘rtasidagi urushga aylanib qolmasligini ta’minlashga mas’ulmiz. Shuning uchun men Ukrainaga o‘z qo‘shinlarimizni kiritmasligimizni aniq aytdim, chunki buning yo‘li – Rossiya bilan keng ko‘lamli mojaroda ishtirok etishga tayyor bo‘lish”, deydi u Polshaning Ukrainaga tinchlikparvar missiyasini yuborish taklifi haqidagi savolga javob berar ekan.

Ammo NATO Ukrainani kimyoviy, biologik va yadroviy qurollardan, shuningdek,  ibermudofaadan himoya qilish uchun uskunalar beradi. Bu haqda Stoltenberg shunday deydi: 

“Biz Ukrainaga ko‘proq yordam ko‘rsatishga qaror qildik, jumladan, kibertahdidlar, biologik, kimyoviy va yadroviy qurollardan mudofaa uchun. Bu yordam aniqlash, himoya qilish va tibbiy ta’minot, shuningdek, inqirozni boshqarishni o‘z ichiga oladi”. 

Stoltenbergning ta’kidlashicha, Rossiya Ukrainada kimyoviy qurol qo‘llash uchun bahona yaratishga urinmoqda. 

“Biz xavotirdamiz, chunki Ukraina va NATOga qarshi ayblovlar bilan bahona yaratishga urinayotgan Rossiya ritorikasini ko‘rib turibmiz. Kimyoviy qurol ishlatish uchun bunday bahonalar yaratilganiga avval ham guvoh bo‘lganmiz.  u ayblovlar mutlaqo yolg‘on”, deydi u. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada kimyoviy qurol qo‘llanilishi “mojaroning mohiyatini butunlay o‘zgartiradi va keng tarqaladigan oqibatlarga olib keladi”.

Harbiy yordam

Stoltenberg, NATO Ukrainaga Prezident Vladimir Zelenskiyning iltimosidan kelib chiqib, harbiy yordam berishini aytdi. 

“Prezident Zelenskiy bizga murojaat qildi va qo‘shimcha harbiy yordam katta ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi. Bugun NATO yetakchilari Ukrainaga bundan keyin ham yordam ko‘rsatishimiz kerak va ko‘rsatamiz degan fikrga kelishdi”, deydi Stoltenberg. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, NATO “Rossiyaga nisbatan misli ko‘rilmagan sanksiyalar qo‘llashda va ittifoqchilarning qarshi choralari va mudofaasini kuchaytirishda” davom etadi.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

61

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing