NATO Ukrainadagi mojaroga aralashadi, agar...

Olam

image

Agar Rossiya kimyoviy qurol ishlatsa, Shimoliy Atlantika shartnomasi tashkiloti (NATO) Ukrainadagi mojaroga aralashmaslik bo‘yicha o‘z pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqadi. Bu haqda Polsha Prezidenti Anjey Duda BBC nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

“Ommaviy qirg‘in qurolidan foydalanish o‘yinning barcha qoidalarini o‘zgartiradi. Xavf nafaqat Yevropani, balki butun dunyoni qamrab oladi. Bunday vaziyatda NATO biror narsani hal qilishi kerak”, deya ogohlantirdi Anjey Duda.

Polsha Prezidentiga ko‘ra, Moskvaning Ukrainada kimyoviy va biologik qurollar ishlab chiqaruvchi laboratoriyalar faoliyat yuritishi haqidagi bayonotlari Rossiyaning o‘zi tomonidan bunday qadamga tayyorgarlik bo‘lishi mumkin.

Qayd etilishicha, Putin hozirgi vaziyatda kimyoviy quroldan foydalanishi mumkin. Chunki u og‘ir ahvolda. Rossiya bu urushda allaqachon siyosiy va harbiy jihatdan mag‘lub bo‘lgan, u endi aniq g‘alaba qozonmaydi.
 
Polsha rahbari Rossiyani kimyoviy qurollardan foydalanishga qodir deb hisoblaydi.

“Kreml o‘z harakatlarini oqlash uchun bahonalar o‘ylab topishda davom etmoqda. Ammo kimyoviy qurol qo‘llanilishi so‘zsiz urush jinoyati sifatida baholanadi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiya Ukrainada kimyoviy quroldan foydalanishi mumkinligini va bu harakatini oqlash uchun bahona qidirayotganini aytgan edi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

661

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing