NATO “Sovuq urush” mahsuli bo‘lib, o‘z vahshiyliklari bilan mashhur – Xitoy 

Olam

image

Xitoy o‘z suvereniteti va xavfsizligini himoya qilishga qaror qilgani sababli, NATOning o‘z manfaatlariga zarar keltiruvchi har qanday harakatlarini qat’iy rad etadi. Bu haqda Xitoyning Yevropa Ittifoqidagi diplomatik vakolatxonasidagi manbasiga tayanib, RIA Novosti xabar berdi.

Diplomatik missiyaga ko‘ra, NATO "Sovuq urush" mahsuli bo‘lib, “o‘z vahshiyliklari bilan mashhur”.

“Biz NATOning Osiyo-Tinch okeani mintaqasi tomon kengayishiga qarshimiz. Xitoyning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazuvchi har qanday harakat qat’iy rad etiladi”, deyiladi vakolatxona bayonotida.

Qayd etilishicha, xalqaro xavfsizlik sohasidagi vaziyatning muttasil yomonlashuvi fonida NATO mintaqaviy harbiy blok sifatida o‘z mas’uliyati haqida o‘ylash o‘rniga boshqa davlatlarni ko‘r-ko‘rona ayblamoqda. 

“Xitoy NATOni zamon tendensiyasiga amal qilishga, xalqaro hamjamiyatning tinchlik, taraqqiyot va hamkorlikka bo‘lgan adolatli da’vatiga quloq solishga, uning noto‘g‘ri tasavvurlari va siyosatini to‘g‘rilashga, dunyo tinchligi va barqarorligini ta’minlashda konstruktiv rolini bajarishga chaqiradi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 iyul kuni Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar Xitoyning “tahdidli xatti-harakati”dan o‘zlarini himoya qilish uchun hamkorlik qilishga kelishib olgandi. 

Qayd etish joizki, 2022 yilning 29-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyans Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishini NATO qadriyatlariga zid deb hisoblagandi. 

Alyans Xitoyni global logistika va iqtisodiyotni nazorat qilish orqali o‘rnatilgan dunyo tartibini buzishga intilayotganini ta’kidlamoqda. 

Madrid sammitida qabul qilingan strategik konsepsiyaga muvofiq, Moskva tashkilot hamkorlari qatoridan chiqarildi, blok Xitoyga qarshi turish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va postsovet hududida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash niyatidaligini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Xitoy Sovuq urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing