NATO a’zolari Xitoydan birgalikda himoyalanishga kelishib oldi

Olam

image

Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyansga a’zo davlatlar Xitoyning “tahdidli xatti-harakati”dan o‘zlarini himoya qilish uchun hamkorlik qilishga kelishib oldi. Bu haqda bugun, 11 iyul kuni NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Vilnyusdagi NATO sammitining birinchi kuni yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

“NATO yetakchilari Xitoyni ham muhokama qildi. Xitoy Rossiyaning Ukrainadagi harakatlarini qoralashdan bosh tortdi. Xitoyning yadroviy modernizatsiyasi esa tezlik va miqyosda misli ko‘rilmagan. NATOga a’zo davlatlar Xitoyning tahdidli xatti-harakatlaridan o‘zlarini himoya qilish uchun birgalikda ishlashga kelishib oldi", degan NATO Bosh kotibi.

Shu bilan birga, u Xitoy raqib emasligini va alyans Pekin bilan hamkorlikni davom ettirishi kerakligini qayd etgan. 

"Ammo Pekinning o‘sib borayotgan qat’iyligi bizning xavfsizligimizga ta’sir qiladi. Xitoy qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni tobora ko‘proq shubha ostiga qo‘ymoqda", deydi NATO Bosh kotibi.

Shuningdek, Stoltenberg Vilnyusdagi sammitga taklif etilgan Avstraliya, Yevropa Ittifoqi, Yangi Zelandiya, Janubiy Koreya va Yaponiya rahbarlari bilan uchrashuvda mintaqaviy xavfsizlik masalasi muhokama qilinishini eslatgan.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilning 29-30 iyun kunlari Madridda bo‘lib o‘tgan NATO sammitida alyans Rossiya va Xitoy o‘rtasidagi aloqalarning mustahkamlanishini NATO qadriyatlariga zid deb hisoblagandi. 

Alyansga ko‘ra, Xitoy global logistika va iqtisodiyotni nazorat qilish orqali o‘rnatilgan dunyo tartibini buzishga harakat qilmoqda. 

O‘sha vaqtda NATO Hindiston va Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlar bilan aloqalarni kuchaytirishni rejalashtirgandi.

Madriddagi sammitida qabul qilingan strategik konsepsiyaga muvofiq Moskva tashkilot hamkorlari qatoridan chiqarildi, blok Xitoyga qarshi turish, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va postsovet hududida hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, o‘zining mudofaa qobiliyatini mustahkamlash niyatida ekani aytildi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Xitoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing