NATO Rossiyaga qarshi urush ssenariysi asosida yirik harbiy mashg‘ulotlarini boshlamoqda

Olam

image

Bugun, 22 yanvar kuni Shimoliy Atlantika alyansi so‘nggi o‘n yilliklardagi eng yirik to‘rt oylik mashg‘ulot – “Steadfast Defender 2024”ni boshlaydi. Unga 90 mingga yaqin harbiy jalb etiladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Mashg‘ulotlar ssenariysiga ko‘ra, Rossiya alyansga a’zo davlat hududiga hujum qiladi va NATO jamoaviy mudofaa shartnomasining 5-moddasini ishga tushiradi, ya’ni Rossiya va NATO kuchlari to‘qnashadi. 

“Steadfast Defender 2024”da NATOga a’zo barcha davlatlar va alyansga kirishga nomzod Shvetsiya ishtirok etadi. Mashqlarda samolyot tashuvchilardan tortib esminetslargacha bo‘lgan 50 dan ortiq kemalar, shuningdek, 80 dan ortiq qiruvchi samolyotlar, vertolyotlar va dronlar, kamida 1100 ta jangovar mashina, shu jumladan 133 ta tank va 533 ta piyoda jangovar mashinasidan foydalaniladi. May oyi oxirigacha davom etadigan manyovrlar Yevropa hududini Norvegiyadan Ruminiyagacha qamrab oladi.

Ma’lumot uchun, bugunga qadar so‘nggi o‘n yilliklarning eng yirik manyovrlari 2018 yilda 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchilar ishtirok etgan Trident Juncture hisoblangan. 1988 yilda esa NATO 125 mingdan ortiq askarni qamrab olgan so‘nggi juda katta ko‘lamdagi mashqlarni o‘tkazgan. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq “Bild” nashri Germaniya Qurolli kuchlarining yashirin hujjatiga tayanib, 2025 yilning yozida NATO va Rossiya o‘rtasidagi urush boshlanishini prognoz qilgandi. NATO strategik aloqalar markazi direktori Yanis Sarts esa “Bild”ning maqolasida alyans imkoniyatlarini sinab ko‘rish uchun “xayoliy vaziyat” bilan mashg‘ulotlar ssenariysi tasvirlanganini ma’lum qildi. Estoniya Bosh vaziri Kaya Kallas Rossiya 3-5 yil ichida NATO davlatlarining sharqiy qanotiga jiddiy tahdid solishini aytgan bo‘lsa, Germaniya Mudofaa vaziri Boris Pistorius Rossiya 10 yildan kamroq vaqt ichida NATOga hujum qilishi mumkinligini ma’lum qildi

18 yanvar kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida alyans Harbiy qo‘mitasi raisi Rob Bauer va Yevropadagi ittifoqchi kuchlar oliy qo‘mondoni Kristofer Kavoli NATO Rossiyaning ehtimoliy hujumiga tayyor ekanini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

NATO Rossiya Steadfast Defender 2024

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing