NATO Rossiya bilan urushga tobora yaqinlashmoqda – Orban
Olam
−
01 iyun 2024 9676 3 daqiqa
NATO Rossiya bilan urushga tobora yaqinlashib boryapti. Bu fikrni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban “Kossuth” radiostansiyasining ertalabki dasturida so‘z ochdi.
Orbanning aytishicha, u har hafta Yevropa Ittifoqi va NATO harbiy harakatlarga tayyorlanayotganining yangi belgilarini ko‘ryapti. Hukumat rahbarining ta’kidlashicha, "urushga kirish bir qadamda bo‘lmaydi".
"Uch bosqich bor: muhokama, tayyorgarlik va halokat. Hozir biz muhokamani yakunlayapmiz va tayyorgarlik bosqichidamiz. Biz halokatdan dyuym uzoqdamiz", deydi u.
Orbanning fikricha, o‘tgan haftada Yevropaning Ukraina mojarosiga tobora ko‘proq jalb qilinayotganini va “urushga yaqinroq” qolganini ko‘rsatadigan kamida ikkita voqea sodir bo‘lgan. Birinchidan, u ukrainalik askarlarni o‘qitish uchun "Fransiya va Ukraina o‘rtasida fransuz harbiy instruktorlarining Ukrainaga borishiga ruxsat berish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganini" ta’kidladi.
"Agar fransuzlar bunga rozi bo‘lsa, bu YeI va NATO davlatlarining mojarodagi ishtirokining yangi darajasiga aylanadi", deb hisoblaydi Bosh vazir.
Ikkinchidan, Rossiya hududi ichidagi nishonlarga zarba berish uchun G‘arb qurollaridan foydalanish imkoniyati muhokama qilinmoqda.
“G‘arb tomonidan yetkazib berilgan qurollar nafaqat mudofaa, balki hujum uchun ham qo‘llanilishi kerak, deganlar tobora ko‘payib bormoqda. NATOsiz Ukraina Rossiya hududini o‘qqa tuta olmas edi, lekin endi u bunday qila oladi va shu tariqa biz urushga qo‘shilish jarayonida yana bir qadam tashlamoqdamiz”, deydi Orban.
Uning fikricha, mojaroning kuchayishi Ukraina va G‘arbning hamon uni yutib olishni istashi sabab bo‘lmoqda.
“Ukraina Rossiyani mag‘lub eta oladi deb o‘ylaydi va G‘arb davlatlari o‘zlarini Markaziy va Sharqiy Yevropaning frontdagi davlatlariga qaraganda xavfsizroq his qilmoqda. Ular bizdan boshqacha yo‘l tutishlarining eng muhim sababi shu. Ular Rossiyani mag‘lub etishni, har qanday holatda ham harbiy muvaffaqiyatga erishmoqchi”, deya tushuntirdi Orban.
U hukumat Vengriyaning Ukrainadagi qurolli mojaroga tortilishining oldini olish uchun hamma narsani qilish niyatida ekanligini tasdiqladi.
"Bu bizning urushimiz emas va vengerlar bundan aziyat chekmasligi kerak. NATO kuchli mudofaa ittifoqi bo‘lib, boshqa urushga aralashish uchun emas, balki a’zo davlatlarni himoya qilish uchun mo‘ljallangan ", deydi Orban.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga yashirincha ruxsat bergani xabar qilingandi. Biroq, “Politico” nashrida keltirilishicha, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkov viloyati bilan chegaradagi hududlarga tegishli hisoblanadi.
Kecha, 31 may kuni Germaniya ham Ukrainaga o‘zi bergan qurollardan Rossiyaga zarba berishda foydalanishga ruxsat bergandi.
Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen Ukraina oladigan F-16 qiruvchi samolyotlaridan Rossiya ichidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun foydalanishi mumkinligini aytdi.
Habib Jo‘raboyev
Live
Barchasi