NATO Bosh kotibi Ukrainadagi urush qancha davom etishini aytdi
Olam
−
19 iyun 2022
14762NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg Ukrainadagi mojaroni hal qilish uchun yillar kerak bo‘lishi mumkinligini aytdi. Bu haqda “Bild am Sonntag” gazetasiga bergan intervyusida so‘z ochgan.
Qayd etilishicha, Stoltenbergdan mojaroning mumkin bo‘lgan davomiyligi haqida so‘ralganda u quyidagicha javob bergan:
"Hech kim bilmaydi. Bu yillar davom etishi mumkinligiga tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamasligimiz kerak. Garchi narx qimmat bo‘lsa ham", deydi alyans rahbari.
Stoltenbergning so‘zlariga ko‘ra, Kiyevga zamonaviy qurol-yarog‘larning yetkazib berilishi Ukrainaning Donbass ustidan nazoratni qayta tiklash imkoniyatini oshirishi mumkin.
NATO Bosh kotibi yana bir bor alyans Ukrainani mudofaa yo‘lida qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, ammo bu mojaroga aralashmasligini ta’kidlagan.
“Biz mamlakatga yordam beryapmiz, lekin Ukrainaga NATO askarlarini yubormoqchi emasmiz”, deydi u.
Shuningdek, Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson “The Sunday Times” gazetasiga Ukrainadagi mojaro yillarga cho‘zilishi mumkinligini haqida ma’lum qilgandi. Britaniya hukumati rahbariga ko‘ra, urush uzoq davom etishiga qaramay, G‘arb Kiyevni qo‘llab-quvvatlashdan to‘xtamasligi kerak.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi