Narkologik dispanserda yotgan tanishiga narkotik olib borgan shaxs ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Bektemir tumanida joylashgan narkologik dispanserda davolanyotgan tanishiga narkotik olib borgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash bosh boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi

Qayd etilishicha, Bektemir tumanida joylashgan narkologik dispanserda giyohvandlikdan davolanishga yotqizilgan tanishini ko‘rish uchun kelgan 30 yoshli fuqaro S.T. shubhali harakatlari uchun Qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan to‘xtatilgan.

Xodimlar tomonidan olib borilgan profilaktik suhbat chog‘ida S.T. o‘zi bilan olib kelgan paketdagi yashil skotch bilan mahkamlangan o‘ram nima ekanini tushuntirishdan bosh tortgan.

Mazkur o‘ram xolislar ishtirokida ochib ko‘rilganda esa uning ichida o‘ziga xos hidga ega jigarrang modda borligi aniqlangan. Shundan so‘ng chaqiruvga asosan yetib kelgan tezkor guruh ushbu fuqaroni hududiy ichki ishlar boshqarmasiga olib ketgan. 

“Hozirda mazkur holat yuzasidan IIB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning avgust oyida Toshkent viloyatidagi chegara bojxona postida O‘zbekiston hududiga 55 kilogramm narkotik moddasini olib o‘tmoqchi bo‘lgan chet el fuqarosi  ushlangandi. O‘tgan oy boshida esa Toshkent xalqaro aeroportida so‘nggi 30 yil ichidagi eng yirik miqdordagi – 8,5 tonna giyohvandlik moddasi to‘xtatib qolingandi. Oldinroq giyohvandlik vositasini ichki a’zosiga yashirib bojxonadan olib o‘tmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushdi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Bektemir narkotik Narkologik dispanser

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing