Namanganda yana ikki tumanda hokim o‘zgardi

Jamiyat

image

Bugun, 22 dekabr kuni Namangan viloyatining Norin va Uchqo‘rg‘on tumanlariga yangi hokimlar tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Xalq deputatlari Norin tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi o‘tkazilgan va unda tashkiliy masala ko‘rilgan.

Namangan viloyati hokimining qarori hamda tuman Kengashi deputatlari tasdig‘i bilan Jo‘rabek Hamidovich Nurmatov Norin tumani hokimi etib tayinlandi.

Jo‘rabek Nurmatov 1979 yil 30 iyul kuni Norin tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2003 y. Andijon qishloq ho‘jalik instituti. Mutaxassisligi hisobchi-auditor. U 2020 yildan hozirgi vaqtga qadar Norin tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelayotgandi.

Shuningdek, Xalq deputatlari Uchqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilib, tuman rahbari Azimjon Abdumutalovich Vahobov faoliyatida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun tuman hokimi lavozimidan ozod etildi.

Namangan viloyati hokimining qarori hamda tuman Kengashi deputatlari tasdig‘i bilan Jahongir Nosirjonovich Rizayev Uchqo‘rg‘on tumani hokimi etib tayinlandi.

Jahongir Rizayev 1986 yil 5 dekabr kuni Chortoq tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy, 2008 yili Namangan muhandislik pedagogika institutini tamomlagan. Mutaxassisligi muhandis-energetik.

U 2018 yil may oyidan, hozirgi vaqtga qadar “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning bosh direktori lavozimida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Avvalroq Buxoroning Romitan, Samarqandning Bulung‘ur va Oqdaryo, Namanganning Kosonsoy tumanlariga yangi hokimlar tayinlangani haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

tayinlov

Baholaganlar

134

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing