Mutaxassis iqrori: Koronavirus aniqlangan shifoxonani 14 kunga yopish xato yo‘l bo‘lgan
Jamiyat
−
14 iyul 2020
16782O‘zbekistonda yuqumli kasalliklarni davolashga mo‘ljallanmagan shifoxonalarda koronavirus aniqlanganda ularni 14 kunga karantinga yopish noto‘g‘ri amaliyot bo‘lgan. Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibullo Oqilov brifing vaqtida shunday fikr bildirdi.
“Koronavirusga mo‘ljallanmagan shifoxonalarda koronavirus aniqlansa, uni 14 kunga yopib tashlar edik. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatdiki, bu noto‘g‘ri yo‘l”, dedi Habibullo Oqilov.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, hozir hech bir shifoxona karantinga yopilmayapti. Faqat bir kunga yopilib, kerakli choralar ko‘rilgach, yana ochilyapti.
“Hozircha koronavirus chiqadigan bo‘lsa, o‘sha bo‘limning o‘zini yopyapmiz. U ham — bir kunga.
Xodimlarini yakkalanish yoki karantinga olyapmiz. Kerakli choralar o‘tkazilgandan keyin, tahlillar olingandan keyin, ertasiga ochilyapti. Shuning uchun qaysidir shifoxona karantinga yopildi, deyish mutlaqo noto‘g‘ri”, dedi Oqilov.
Avvalroq, Toshkent viloyatining Zangiota tumanida ochilgan yangi klinika ham koronavirus bemorlari bilan to‘lgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi