Musayev ustidan tekshiruv boshlanmagan – Manba

Jamiyat

image

Yaqindagina lavozimidan ozod etilgan Behzod Musayev ustidan tekshiruv boshlanmagan. Bu haqda QALAMPIR.UZ manbalari ma’lum qildi.

Avvalroq, QALAMPIR.UZ Migratsiya agentligida Koreyadagi vakolatxona rahbari lavozimida faoliyat yuritib, turli qonunbuzarliklar uchun ishdan bo‘shatilgan Aziz Toshtemirovning Musayev ustidan e’lon qilgan turli kompromatlari haqida xabar bergandi

Unga ko‘ra, Toshtemirov o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etib, korrupsiyaga doir bo‘lgan agentlikdagi barcha noqonuniy faoliyatlar, xususan 90 milliuon AQSH dollarilik korrupsion sxema tepasida Musayev turganini iddao qilgan hamda o‘zining Telegram-kanalida Musayevga aloqador yozishmalar va audio yozuvlarni joylagandi.

Kecha, 3 sentyabr kuni esa Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori asosida boshqa ishga o‘tish munosabati bilan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Behzod Musayev lavozimidan ozod etildi

QALAMPIR.UZ Musayeyevning ishdan olinishiga Toshtemirov iddao qilgan ayblovlar sabab bo‘lgan yoki bo‘lmaganiga oydinlik kiritish maqsadida Bosh prokuratura va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga bog‘landi.

Bosh prokuraturaning axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning ma’lum qilishicha, Migratsiya agentligining sobiq direktori Behzod Musayev ustidan hech qanday xizmat tekshiruvi o‘tkazilmayapti. 

Xuddi shu ma’lumot Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining matbuot xizmati rahbari Sherzod Saparov tomonidan ham qayd etildi. Saparovning so‘zlariga ko‘ra, Musayevning ishdan olinishida hech qanday ayblovlar sabab bo‘lmagan va xizmat tekshiruvi o‘tkazish boshlanmagan. 

Ma’lumot uchun, Behzod Musayev davlat boshqaruvining turli lavozimlarida faoliyat yuritgan. Xususan, Davlat soliq qo‘mitasi rahbari, Bosh vazirning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash vaziri hamda 2024 yil sentyabrgacha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri sifatida ishlagan. 

2024 yil sentyabr oyidan boshlab esa Musayev Prezident tomonidan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga rahbar etib tayinlangan. 

O‘zi nima bo‘lgandi

Joriy yilning may oyida Migratsiya agentligining sobiq bo‘lim boshlig‘i, Andijon viloyatida tug‘ilgan 35 yoshli Azizbek Toshtemirov Janubiy Koreyaga ishga ketish uchun o‘tkaziladigan ba’zi EPS–Topik imtihonlari vaqtida ayrim nomzodlar o‘rniga boshqa shaxslar kiritilgani, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ba’zi xodimlari esa ularga testdan o‘tishda go‘yoki yordam bergani holatlari kuzatilgan va ehtimoliy qonunbuzarlik to‘g‘risida fuqarolardan bir qancha murojaatlar bo‘lgani sababli xalqaro qidiruvga berilgandi.

Voqeadan biroz avval esa Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklari sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan $90 mln olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi.

Shundan so‘ng, 2025 yilning mart oyida korrupsion jinoyatda ayblanib, ishdan bo‘shatilgan,  firibgarlikda gumon qilingan va Interpolga qidiruvga berilgan Migratsiya agentligining sobiq xodimi Azizbek Toshtemirovning o‘zi bu ayblovlarni butkul rad etib, har qanday qonunbuzarlik va korrupsiya boshida agentlikning amaldagi rahbari Behzod Musayev turganini iddao qilgan hamda “Koreya 24 soat” deb nomlangan Telegram-kanalida bu haqda ma’lumotlarni joylay boshlagan. 

Mazkur xabarlar omma orasida turli shubhalarni uyg‘otgandan so‘ng, 20 iyun kuni vanihoyat Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgandi. Unda agentlik Azizbek Toshtemirovning skrinshot, audio va rasmlar bilan iddao qilayotgan gaplari haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va bir tomonlama talqin qilingani bildirgandi.

Bu gaplar fonida, joriy yil 23 iyul kuni QALAMPIR.UZ’ning Interpol saytida olib borgan tadqiqlari natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining sobiq xodimi – Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirovning nomi xalqaro qidruvdagi shaxslar ro‘yxatidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lgani aniqlangandi.

Bu orada agentlik xodimlariga aloqador bir nechta firibgarlik va talon-taroj qilishga oid, 90 mln dollar oldida "pista puli"dek ko‘rinadigan jinoiy ishlar aniqlandi. Kuyinroq, “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘zining Telegram-kanalida 90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgani aytilgan “Koreya ishi” bo‘yicha sud jarayoni 29 iyul kuni boshlanishinishi yozgan. Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqilmoqda. Ish doirasida pora olish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish hamda hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi bo‘yicha ayblovlar bilan Ganchar Uzoqov, Temur Shorixsiyev, Alijon Ashurov va Suxrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing