$90 millionlik Koreya ishi bo‘yicha sud boshlanadi
3-sahifa
−
10:19 3119 2 daqiqa
90 million AQSH dollari miqdorida zarar yetkazilgani aytilgan Koreya ishi bo‘yicha sud jarayoni ertaga, 29 iyul kuni boshlanadi. Bu haqda “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov o‘z Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudida sudya Dadaxonova raisligida ko‘rib chiqiladi. Mazkur jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov Bosh prokuratura tomonidan olib borilgan.
Ish doirasida Ganchar Uzaqov, Timur Shariksiyev, Alijon Ashurov va Suxrob Sayfutdinovlar sudlanuvchi sifatida jalb etilgan.
Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi “a”, “b” bandlari (pora olish), 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) hamda 301-moddasi 1-qismi (hokimiyatni suiiste’mol qilish, hokimiyat vakolatidan tashqariga chiqish yoki hokimiyat harakatsizligi) bilan ayblov e’lon qilingan.
Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiyasi va xususiy bandlik agentliklarining sobiq mansabdor shaxslari tomonidan amalga oshirilgan korrupsion sxema aniqlangani, ular 600 dan ortiq odamdan 90 million AQSH dollari olgani fosh qilingani ma’lum bo‘lgandi. Azizbek Toshtemirovning iddao qilishicha, bu jinoyatga Musayev ham aloqador.
“Ayni paytda Koreyaga ishlash uchun ketgan fuqarolarning kim orqali, qancha pul evaziga ketganligi tekshirilmoqdami? Xo‘sh, nima sababdan B. Musayevning shaxsan topshirig‘i ortidan Koreyaga ketganlar bilan hech kim qiziqmayapti? Bunday topshiriqlarning son-sanog‘i yo‘q. Qay biridan qanchadan olgani noma’lum, lekin hoynahoy 90 mln dollar Musayevning uyidan chiqsa, ajabmas”, deb yozgan u.
Joriy yilning 20 iyun kuni Migratsiya agentligi shov-shuvli holat bo‘yicha rasmiy munosabat bildirgan. Unda Azizbek Toshtemirov skrinshot, audio va rasmlar bilan ilgari surayotgan da’volar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi va bir tomonlama talqin qilingani aytilgan.
“Mazkur holatlar bo‘yicha vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, barcha holatlarga huquqiy baho beriladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Oradan bir oydan ortiq vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, biror rasmiy idora – na Bosh prokuratura, na Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va na Ichki ishlar vazirligi Toshtemirovning ayblovlari yuzasidan qanday tekshiruv olib borilayotgani, natijalar qachon ma’lum bo‘lishiga oydinlik kiritmagan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligining sobiq xodimi – Ichki ishlar vazirligi so‘rovi bilan Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan Azizbek Toshtemirovning nomi xalqaro qidiruvdagi shaxslar ro‘yxatidan sirli ravishda g‘oyib bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi