Mulla – josus
Tahlil
−
02 iyul
19687XIX asr. Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalari O‘rta Osiyo va unga tutash janubi-sharqiy hududlar haqida shu yerdagi hukmron sulolalardan ham ko‘p ma’lumotlarga ega asr. Bu o‘ta biqiq axborot muhiti, tashqi dunyodan ma’lum darajada uzilganlik, diplomatiyaning juda sustligi hamda qo‘shni va bir elatga mansub davlatlar bilan yomon qo‘shnichilik munosabatlari oxir-oqibat xonliklarning kulini ko‘kka sovurilishiga olib kelgan davr. Ammo bugun bu mavzuga to‘xtalmoqchi emasmiz. E’tiboringizni bu mash’um tarixdan biroz oldingi, 1800 yillar boshiga, to‘g‘rirog‘i bizda hammasi tinch bo‘lgan, ammo London va Peterburgda O‘rta Osiyoni qanday qanday mahv etish haqida keskin munozaralar boshlangan va buni amalga oshirish uchun amaliy harakatlarga o‘tilgan yillarga qaratmoqchimiz.
Bundan ikki asr muqaddam O‘rta Osiyo hududi o‘sha davrdagi ikki kolonial imperiyani juda jiddiy qiziqtirishni boshlaydi. Bunda Britaniya o‘zi egalik qiluvchi Hindistonni ehtimoliy rus bosqinidan himoya qilish uchun mazkur hududni “bufer zona”ga aylantirish ilinjida bo‘lgan bo‘lsa, aksincha Rossiya imperiyasi Markaziy Osiyodan boyliklarga to‘la deya ta’riflanuvchi Hindistonga bostirib kirishda ko‘prik sifatida foydalanishni ko‘zlagan. Umuman olganda maqsadlar deyarli bir xil. Ikki imperiya ham O‘rta Osiyoda ta’sir doiralarini kuchaytirish, bu yerda erkin harakatlanish va hatto agar zarurat tug‘ilsa, uni egallab olish harakatida bo‘lgan. Albatta bu jarayon o‘z o‘zidan amalga oshmasdi. Bu yo‘ldagi eng birinchi qadam mazkur geografik zonadagi mahalliy sharoitni o‘rganish va bu yerda joylashgan qator xonliklar haqida ma’lumotlar to‘plash edi. Shuning uchun butun asr davomida rus va ingliz josuslari o‘z mamlakatlarini O‘rta Osiyo va Afg‘oniston haqidagi shunday qimmatli ma’lumotlar bilan uzluksiz ta’minlab turdi. Ular odatda bu hududlarga ikki xil ko‘rinishda kirib kelishgan. Hududlarimizda izg‘ib yurgan ajnabiy ayg‘oqchilar uchun eng qulay niqob savdogar va taqvodor mulla kabi qiyofalar bo‘lgan. Bu niqoblar razvedka maqsadida tashrif buyurgan shaxslarga bazan muvaffaqiyat keltirgan bo‘lsa, bazan ularni muammolar domiga tashlagan. Ularni bu yerda bir biridan qiziq sarguzashtlar, qiyinchiliklar va kezi kelganda ayanchli taqdir ham kutib turardi. Mulla yoki savdogar niqobi ostida kelgan ayg‘oqchilar azob-uqubatlar bilan yuzlashgan taqdirda ulardan qutulish uchun o‘zlarining razvedka va niqoblanish mahoratlarini ishga solish orqali o‘zlaridan qiziqarli tarix ham qoldirishgan. Hozir esa siz bilan razvedka maqsadida amalga oshirilgan shunday sayohatlarning birida ro‘y bergan voqelik va unda ishlatilgan o‘ta ayyorona va misli ko‘rilmagan hiyla haqida so‘z yuritamiz.
1810 yilda bugungi Eron, Afg‘oniston va Pokiston hududlarini o‘zaro tutashtiruvchi tarixiy Balujistonda strategik jihatdan juda muhim bo‘lgan ma’lumotlarni yig‘ish maqsadida leytenant Genri Pottinjer o‘zining xavfli sarguzashtini boshlaydi. U bu missiyani amalga oshirishda mulla qiyofasini tanlaydi va bu o‘sha paytdagi eng xatarli tanlov edi. Leytenant o‘z yo‘lida davom etarkan, bir qancha manzillarda mulla qiyofasini yashirishni zo‘r-bazo‘r amallaydi. Ammo u sirli sayohati davomida qo‘nim topgan qishloqlarining birida juda katta muammo bilan yuzlashadi. Balujiston bo‘ylab bir qancha qishloq va shaharlarni kezgan Genri Pottinjer tun davomida uzoq yo‘l yurgan holda navbatdagi manzil – Gul qishlog‘iga kirib keladi. Qishloqqa qandaydir mulla ko‘rinishida kelgan Pottinjer va uning hamrohlarini 4-5 nafar mahalliy shaxslar, din peshvolari izzat-ikrom bilan kutib oladi. Ularga dasturxon yoziladi va josus hamda uning hamrohlari mahalliy kishilar bilan birga tamaddi qiladi. Ammo ovqatlanib bo‘lishgach, ularni kutilmagan xavf qamrab oladi. Sababi, ovqatdan so‘ng mezbon musulmonlardan biri “taqvodor mehmon”dan duo qilishni so‘raydi. Bu musulmon odatlarning bir qismi ekanligi Pottinjerning yodidan ko‘tarilgan shekilli, u bu vaziyatga mutlaqo tayyor emasdi. Genri Pottinjer uchun vaziyat juda keskin tus olgancha uni bir zumga dovdiratib qo‘yadi. Ammo o‘ta hiylakor bo‘lgan bu harbiy josus zudlik bilan mushkul vaziyatdan chiqib ketish yo‘lini tezda topadi. U Balujistonga safari oldidan Bombeyni tark etish chog‘ida sayohat payti asqotadi degan maqsadda islom diniga oid ayrim asosiy jumlalarni yod olgan edi. Pottinjer bu kichik imkoniyatdan maksimal tarzda foydalanish lozimligini tushundi va bir lahzalik dovdirashdan so‘ng quyidagicha duo qiladi.
U qo‘llari bilan soqolini ma’noli silagancha, ichida qandaydir jumlalarni atrofdagilarga eshitilar eshitilmas tarzda go‘ldiraydi. Ammo duo orasida Alloh, uning rasuli payg‘ambar va shukr ya’ni Rahmat so‘zlarini ovoz chiqarib aniq talaffuz qilgancha duoga yakun yasaydi.
Pottinjer ovoz chiqargancha aniq va to‘g‘ri talaffuz qilgan ushbu diniy so‘zlar musulmonlarning duolarida ko‘p bor takrorlanishini sezgandi va u bu orqali ham hayotini, ham sayohatinining davom etishini saqlab qoldi. Xavfli nayrang ish berdi va Pottinjerni mehmon qilgan sodda din peshvosi va uning hamrohlari “taqvodor mulla” ko‘rinishidagi obrazga ustalik bilan kirgan ingliz ayg‘oqchilariga nisbatan hech qanday gumonga borishmaydi va aksincha tabassum qilgancha ularni kuzatib qo‘yadi. Pottinjer esa o‘zining razvedka missiyasini davom ettirish uchun keyingi manzilga yo‘l oladi.
LiveBarchasi