Rossiyada o‘zbekistonlik yigit o‘g‘irlab ketildi
Olam
−
02 aprel
12488Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida bir guruh erkaklar 21 yoshli O‘zbekiston fuqarosini o‘g‘irlab, uning qaytarilishi uchun 40 ming rubl talab qildi. Bu haqda 78.ru xabar berdi.
Nashrning yozishicha, joriy yilning 30 mart kuni mahalliy ayollardan biri politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, uning o‘g‘li odam o‘g‘irligiga guvoh bo‘lganini xabar qilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Xalturin ko‘chasida 6-7 kishidan iborat guruh migrantni do‘pposlab, yonida turgan mashinaga majburan o‘tqazgan. Jabrlanuvchining hamrohi ham o‘z ixtiyori bilan avtomobilga o‘tirgan. Shundan so‘ng mashina voqea joyidan g‘oyib bo‘lgan.
Biroz vaqt o‘tgach, jabrlanuvchining 23 yoshli akasi ham politsiyaga murojaat qilgan. Unga noma’lum shaxslar qo‘ng‘iroq qilib, 21 yoshli ukasi Shoxbozbek ularning qo‘lida ekanini va uni qaytarish uchun 40 ming rubl talab qilayotganini bildirgan.
Shuningdek, guvohlar ham 30 mart kuni soat 19:25 larda Xalturin ko‘chasi, 15/4-uy oldida 6-7 kishidan iborat guruhning yosh yigitni do‘pposlab, avtomobilga o‘tqazib, voqea joyidan olib ketganini ko‘rgan. O‘g‘irlikda gumon qilingan 20 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan olti kishi qo‘lga olingan va ular ham chet el fuqarolari bo‘lib chiqqan. O‘g‘irlangan yigit esa Stachek prospekti 9-uy oldida topilgan. Ma’lum bo‘lishicha, u ba’zi gumondorlarni avvaldan tanigan.
Qayd etilishicha, o‘g‘irlikda gumonlanayotgan 6 kishi, shu jumladan, jabrlanuvchi ham izolyatorga joylashtirilgan (jabrlanuvchining migratsiya qoidalarini buzgani aniqlangan). Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda gumondorlarga qanday ehtiyot chorasi qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 27 yoshli o‘zbekistonlik oshpaz do‘pposlanib, uning avtomobili o‘g‘irlab ketilgan edi.
LiveBarchasi
Trenddagilar




