MTV ko‘zbo‘yamachilikka befarq...mi?
Jamiyat
−
02 avgust 2019
6771QALAMPIR.UZ`da Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Zufarov va tuman Maktabgacha ta’lim bo‘limi boshlig‘i Viloyat Akromovaning telefondagi o‘zaro suhbati aks etgan audionutq bo‘yicha jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi.
Audionutqda ma’lum bo‘ladiki, hokim o‘rinbosari MTB boshlig‘iga tekshiruv kelayotgani uchun mudiralar bog‘chalarning omborini “svejiy” mahsulotlar bilan to‘ldirib qo‘yishni buyurgan.
Mazkur holat bo‘yicha Toshkent shahar hokimligi va Toshkent shahar MTB hamkorligida maxsus komissiya tuzildi. Hokimlik bunday holatlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilishi, lozim bo‘lsa, mansabdorlar ishdan bo‘shatilishini ma’lum qildi. Maktabgacha ta’lim vazirligi esa qayd etilgan holatga “jonsiz” munosabat bildirdi.
Muxbirimiz Yashnoboddagi holat bo‘yicha shaxsan maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin va vazirlik mas’ullariga murojaat qildi. Bu safar holat yuzasidan “jonli” munosabat bildirilishini so‘radik.
Yashnoboddagi holat bo‘yicha MTVning Maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Yelena Gerasimovna Ten quyidagicha javob berdi:
Bu xabar zudlik bilan o‘rganildi. Tumandagi MTMlar mudirlari bilan yig‘ilish o‘tkazdik. Ularning ko‘rsatmasiga atrofidagilar ta’sir o‘tkazmasligi uchun individual suhbatlar ham bo‘ldi. Viloyat Akromova bilan suhbatda voqealarning to‘liq izchilligi tiklandi. Uzoq davom etgan surishtiruvdan keyin birorta mudira soxta mahsulot sotib olmagani aniqlandi. Ko‘pchilik o‘sha audio Telegram`dagi guruhga juda kech yuborilganini, unda aytilganlarni bajarishga ulgurmaganini bildirdi. Ularning aksariyati audioxabar uzunligi sabab uni oxirigacha eshitmaganini va unda mahsulot sotib olish kerakligi aytilganini bilmagan. Bog‘cha mudiralari tasvirga olish ishlari bo‘lishi aytilgani, hudud tartibga keltirilishi kerakligi haqida ko‘rsatma kelganini aytdi.
Tenning so‘zlariga ko‘ra, MTMda me’yordan ortiqcha mahsulotning saqlanishi avvalo mudiraning o‘zi uchun muammo tug‘diradi.
“Tekshiruvlar yakunida bu xabarlar o‘z tasdig‘ini topmadi. Agar, tasdig‘ini topganda vazirlik jiddiy choralar ko‘rgan bo‘lardi. Biz o‘z resurslarimiz orqali buni ma’lum qildik”, dedi Yelena Gerasimovna Tan.
Maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin ham o‘tkazilgan tekshiruv bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi. Unga ko‘ra, tekshiruv Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda olib borilgan.
“Bu masalani biz vazirlikdagina emas, balki Toshkent shahar hokimligi va aynan, Yashnobod tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari (tahr. Sherzod Zufarov) bilan birga ko‘rib chiqdik”, dedi vazir.
Qiziq, biror masala mojaro markazida turgan shaxs bilan ham ko‘rib chiqiladimi? Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydiku. Hech kim o‘z xatosini “ha, men shu xatoni qildim”, deb tan olmaydi. Nahot, vazir shu oddiy haqiqatni bilmasa? yoki bila turib, ko‘z yumyaptimi? Audioyozuv bo‘lmagan-da ham boshqa gap edi. Fakt bor, muammo aniq biroq chora ko‘rilmagan.
Toshkent shahar hokimligi bu holat bo‘yicha Yashnobod tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Sherzod Zufarovga chora ko‘rilishini ma’lum qilgandi. Ammo hanuzgacha biror chora ko‘rilgani haqida rasmiy ma’lumot berilmadi.
Agrippina Shin vaziyatni shaxsan nazorat qilganini, ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytdi. Lekin bizda holat bo‘yicha inkor qilib bo‘lmaydigan dalillar bor.
Maqsadimiz Maktabgacha ta’lim bo‘limlarini hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va boshqa o‘zbilarmon amaldorlar tazyiqidan himoya qilish. Ammo bunday holatlarning yoritilishi yolg‘on va asossiz deb topilishi kishini hayratlantiradi va achinish hissini uyg‘otadi.
LiveBarchasi