Moskvadagi teraktdan jabrlangan oila farzandlari yozni O‘zbekistonda o‘tkazadi
Jamiyat
−
24 iyun
13983Rossiyadagi “Krokus Siti Holl” konsert zalida sodir etilgan teraktdan jabrlangan rossiyalik oila farzandlari yozni O‘zbekistondagi oromgohda o‘tkazadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqov kasaba uyushmalari umumiy konfederatsiyasi kengashi yig‘ilishida so‘z ochgan.
Qayd etilishicha, terakt oqibatida jabrlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi ushbu oilalarning 100 nafar farzandini Toshkent va Samarqand shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirib, eng yaxshi sog‘lomlashtirish oromgohlarida bepul dam olishga taklif qilgan.
Bildirilishicha, kecha, 23 iyun kuni 100 nafar boladan iborat guruh Toshkent xalqaro aeroportida kutib olingan.
Yetib kelgan rossiyalik yoshlar Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi bolalar oromgohida 14 kun dam oladi. Ularga dam olish davomida sport kiyimlari va zarur texnik jihozlar sovg‘a sifatida topshiriladi.
Shuningdek, belgilangan muddat davomida suv sporti festivali, hajviy estafetalar, xorijiy va mahalliy filmlar va spektakllar namoyishi, shuningdek, videofilmlar tanlovi o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ma’lumot uchun, barcha xarajatlar Kasaba uyushmalari tomonidan qoplanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili yozda Ukrainadan dam olish va reabilitatsiya uchun 45 nafardan iborat bolalar guruhi O‘zbekistonga olib kelingandi.
LiveBarchasi