Yozgi jazirama 50 mingdan ortiq odamning “boshini yedi”
Olam
−
10:27 552 2 daqiqa
Joriy yil yozida Yevropada kuzatilgan jazirama oqibatida 50 mingdan ortiq kishi vafot etdi. Ularning qariyb 65 foizi inson faoliyati sababli kuchaygan iqlim o‘zgarishi tufayli halok bo‘lgan. Bu haqda yangi tadqiqotga tayanib, “Associated Press” xabar berdi.
“Nature Health” jurnalida chop etilishi kutilayotgan tadqiqotda Yevropaning 854 ta shahridagi issiq bilan bog‘liq o‘lim holatlari o‘rganilgan. Natijalarga ko‘ra, iyun, iyul va avgust oylarida kuzatilgan jazirama oqibatida jami 50 391 kishi vafot etgan. Shundan 32 619 ta o‘limga ko‘mir, neft va gaz yoqilishi oqibatida kuchaygan issiq sabab bo‘lgan.
Bu 2022 yilda qayd etilgan 29 480 ta o‘lim holatidan 71 foizga ko‘p. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, haqiqiy ko‘rsatkich bundan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Chunki hisob-kitoblarda may oyidagi jazirama va tadqiqotga kiritilmagan boshqa hududlardagi o‘limlar hisobga olinmagan.
O‘limlarning qariyb uchdan biri joriy yilning 17 iyunidan 1 iyuligacha davom etgan kuchli jazirama davrida yuz bergan. Bu vaqtda harorat odatdagi ko‘rsatkichdan 5,3 darajaga yuqori bo‘lgan.
Tadqiqot mualliflaridan biri, London Imperial kolleji iqlimshunosi Kler Barnsning aytishicha, G‘arbiy va Shimoliy Yevropadagi infratuzilma hozir kuzatilayotgan yuqori haroratga moslashmagan. Ayrim shaharlarda harorat odatdagi me’yordan 12 darajagacha yuqori bo‘lgan.
Issiq tufayli eng ko‘p o‘lim Italiya, Fransiya, Ispaniya va Germaniyada qayd etilgan. Tadqiqotchilarning avvalgi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2000–2025 yillarda Yevropa poytaxtlari orasida jazirama oqibatida eng ko‘p o‘lim Rimda kuzatilgan.
Olimlar Yevropada harorat sanoatlashuvdan oldingi davrga nisbatan 2,5 darajaga oshganini qayd etgan. Ularning fikricha, ko‘mir, neft va gaz yoqilishi oqibatida kuchaygan global isish jaziramani yanada xavfli qilmoqda.
Tadqiqotga ko‘ra, issiqdan vafot etganlarning yarmidan ko‘pi 85 yoshdan oshgan. Shuningdek, yuqori harorat 20–44 yosh oralig‘idagi 800 dan ortiq insonning ham o‘limiga sabab bo‘lgan.
Mutaxassislar jazirama oqibatlarini kamaytirish uchun aholini oldindan ogohlantirish tizimlarini rivojlantirish, sovitish vositalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish va xavf guruhidagi insonlarni himoya qilish zarurligini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, iqlim o‘zgarishini kuchaytirayotgan qazilma yoqilg‘ilardan foydalanishni kamaytirish ham muhim ekani qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevropada kuzatilgan ketma-ket to‘rtta rekord darajadagi jazirama to‘lqini sabab kamida 35 ming kishi vafot etgani haqida xabar berilgandi. Yakuniy raqam bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkinligi ham qayd etilgandi.
Live
Barchasi