Toshkent viloyatida 586 tup daraxt noqonuniy qo‘porib tashlandi

3-sahifa

−

image_2026-10-08_15-24-32

Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida 586 tup daraxt noqonuniy ravishda ildizi bilan qo‘porib tashlangani aniqlandi. Bu haqda Toshkent viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Bo‘stonliq tumani hududida daraxtlar qo‘porib tashlangani haqida xabar tarqalganidan so‘ng holat o‘rganilgan. O‘rganishlar davomida “G‘azalkent” MFY hududida “Y.D.” MCHJ tomonidan 2 gektar yer maydonida jami 586 tup daraxt noqonuniy ravishda ildizi bilan qo‘porib tashlangani aniqlangan.

Ularning 9 tupi qimmatbaho do‘lana, 3 tupi archa, 3 tupi kam qimmatli tog‘ olchasi va 571 tupi uchqat daraxti bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, holat yuzasidan tadbirkorga bir necha bor murojaat qilingan. Biroq u qonuniy talablarga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatishga uringan.

Hozirda Ekologiya politsiyasi tomonidan huquqbuzarlikka chek qo‘yilgan. Maxsus texnikalar yordamida tuproq ostida qolgan daraxtlar ham chiqarib olingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qonunbuzarlik oqibatida tabiatga 1 milliard 705 million 660 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Holatga huquqiy baho berish va tegishli chora ko‘rish uchun to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuboriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida qariyb 100 yillik 11 tup Zarafshon archasi noqonuniy ravishda qo‘porilgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing