Moskvada xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Aksilterror harakatlar boshlandi
Olam
−
24 iyun 2023
17979Moskvadagi yo‘llarda qo‘shimcha nazorat o‘rnatildi va aksilterror choralari ko‘rilmoqda. Bu haqda bugun, 24 iyun kuni shahar meri Sergey Sobyanin ma’lum qildi.
“Moskvada xavfsizlik choralarini kuchaytirishga qaratilgan aksilterror choralari ko‘rilmoqda. Yo‘llarda qo‘shimcha nazorat o‘rnatildi. Ko‘rilgan choralarni to‘g‘ri tushunishingizni so‘rayman”, deb yozgan u o‘zining Telegram-kanalida.
Shuningdek, huquq-tartibot idoralari ham Moskvaning eng muhim ob’ektlari, xususan, davlat hokimiyati organlari va transport infratuzilmasi ob’ektlari kuchaytirilgan muhofazaga olinganini e’lon qilgan. Rossiya gvardiyasining OMON va SOBR bo‘linmalari ogohlantirilgan.
Bunday choralar ko‘rilishi Yevgeniy Prigojin boshchiligidagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan amalga oshirilayotgan harbiy harakatlar bilan bog‘liq.
Rossiya Federatsiyasi Bosh prokuraturasi “Vagner” asoschisi Yevgeniy Prigojinga qarshi qurolli isyon uyushtirish fakti bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 279-moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Qayd etilishicha, bu jinoyat 12 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 23 iyun kuni “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi asoschisi Yevgeniy Prigojin Rossiya Mudofaa vazirligini uning kompaniyasi pozitsiyalariga zarba berishda ayblab, 25 ming kishi bu bilan shug‘ullanmoqchi ekanini aytgandi. Bugun, 24 iyun kuni esa “Vagner” jangchilari Rostovdagi Janubiy harbiy okrug shtab-kvartirasini egallab oldi. Buning ortidan Rossiya Mudofaa vazirligi “Vagner” hujum otryadlari jangchilariga, Prezident Vladimir Putin esa rossiyaliklarga murojaat bilan chiqdi.
LiveBarchasi