Kim Chen Inning Putinga qanday tilagi bor?
Olam
−
23 aprel 2019
9546Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va KXDR yetakchisi Kim Chen In joriy yilning aprel oyida uchrashishi haqida xabar bergan edik.
Ikki davlat rahbarlarining uchrashuv sanasi ma’lum bo‘ldi. Kim Chen In 7 yildan beri rahbarlik qilayotgan va KXDR 2018 yilda faol tashqi siyosat olib borgan bo‘lsa-da, Rossiya rahbari bilan uchrashuv birinchisi bo‘ladi. Uzoq kutilgan muzokaralar 25 aprel kuni Rossiyaning Uzoq Sharqdagi Vladivostok shahrida bo‘lib o‘tadi.
Kim Chen In 24 aprel kuni 230 kishilik delegatsiya bilan Vladivostokga yetib keladi. U yerda Uzoq Sharq federal universiteti kampusining lyuks xonasiga joylashadi.
Ertasi kuni ikki davlat rahbarining muzokaralari bo‘lib o‘tadi. Undan keyin Putin Xitoyga yo‘l oladi. U yerda Xitoy tashabbusi bo‘lgan “Bir makon, bir yo‘l” forumida ishtirok etadi. Kim Chen In esa Vladivostokda qolib, otasi Kim Chen Ir 2002 yilda Rossiyaga tashrifi davomida tashrif buyurgan diqqatga sazovor joylarda bo‘ladi.
Rossiya va KXDR munosabatlari asosan tarixga borib taqaladi. SSSR Koreys urushidan keyin Shimoliy Koreyani qo‘llab-quvvatlab, unga yordam berib kelgan. Ammo sobiq Sovet Ittifoqi parchalangach, aloqalar yaxshi bo‘lmagan. Rasmiy Moskva 2000-yillardan rasmiy Pxenyanga nisbatan pragmatik siyosat olib bora boshladi. Rossiya va KXDR Shimoliy Koreyaning yadro dasturi bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘ydi. Biroq bu u darajada faol bo‘lmadi. Bu borada Xitoy KXDRga katta yorda berib keladi.
Kim Chen In va Vladimir Putin uchrashuvidan nimani kutishimiz mumkin? Mutaxassislarning fikricha, bu shunchaki o‘zaro tanishuvdan nariga o‘tmaydi. Muzokara mavzularidan biri Rossiyada ishlayotgan va 2019 yil oxirida vataniga qaytishi kerak bo‘lgan koreyalik ishchilar masalasi bo‘lishi mumkin. Nazariy jihatdan Shimoliy Koreya ishchi kuchidan chet elda foydalanish BMT rezolyutsiyasi bilan taqiqlangan. Kim Chen In Putindan bu masalada “yumshoqroq” siyosat olib borishni so‘rashi mumkin. Negaki, Shimoliy Koreya ishchi kuchini Rossiyada ishlashi KXDRga biroz bo‘lsa-da xorijiy valyuta kirishini ta’minlaydi.
Shuningdek, Kim Chen In Kremldan BMT qo‘ygan iqtisodiy sanksiyalarni yumshatish masalasini ko‘tarishni so‘rashi mumkin. Ammo bu masalaga BMT Xavfsizlik Kengashida ijobiy fikr bildirilishi dargumon.
Uchrashuvning yana bir sababi KXDRning ichki siyosati bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Kim Chen In o‘zini yana bir bor oqil, aqilli va muvaffaqiyatli diplomat sifatida namoyish qilmoqchi. Kim Chen Inga otasidan juda og‘ir va mashaqqatli yukni meros qilib olgan yosh siyosatchi sifatida qarashadi. Ammo u o‘tgan vaqt ichida mintaqadagi muhim kishilardan biriga aylanib ulgurdi.
Kim Chen In AQSH Prezidenti Donald Tramp, XXR raisi Si Szinpin, Janubiy Koreya Prezidenti Mun Chje In bilan uchrashib ulgurdi. Tez orada Putin bilan ham uchrashadi. Bu uchrashuvlar uning shaxsiy obro‘’siga ijobiy ta’sir qiladi.
KXDR hech qachon tashqi olamdan to‘la uzilib qolmagan. U doim yangi aloqalar izlagan. Ammo u o‘ziga ichki siyosatiga ta’sir ko‘rsatmaydigan hamkorlar qidirgan. KXDR ko‘plab sanksiyalarga qaramay Osiyo va Afrikaning qator davlatlari bilan savdo aloqalarini saqlab qolgan. Uning asosiy hamkori esa Xitoy.
LiveBarchasi